13:43 / 19.01.2017
27767

Barak Obama prezidentlik davrida nimalarga ulgurdi, nimalarni boy berdi?

Foto: RIA "Novosti"

Barak Obama, skeptiklarning xavotirlariga qaramay, AQSh prezidentligida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ymadi. Ammo, o‘z tarafdorlarining ishonchini ham oqlay olmadi. 

AQShning 44-, birinchi afroamerikalik prezidenti Barak Obama o‘z lavozimini o‘zidan avvalgi davlat rahbari Jorj Bush kichikdan ko‘ra boshqacha holatda tark etmoqda. Uning Oq uydan yo‘llagan so‘nggi tviti, allaqachon, 2 mlnga yaqin “yoqdi”tugmasiga ega bo‘ldi. Albatta, odamlar Obama bilan xayrlashar ekan, qattiq xafa bo‘lmoqda, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Biroq, uning reytingi (55-57 foiz) iste'foga chiqayotgan prezidentlar orasida eng yuqorilaridan biri bo‘ldi. 

Ammo, 8 yil muqaddam, Obama Oq uyga ilk qadam qo‘ygan vaqtda uni qanday kutib olishganini hozirgi holat bilan taqqoslansa, xolisroq baho berish mumkin bo‘ladi. 

Jahon yetakchi OAVlarining bu boradagi fikrlarini jamlagan holda «mo‘'jiza ro‘y bermadi», degan jumla bilan ifodalash mumkin. Garchi Obama prezidentligiga oid sharhlarda yashirin hayratlanishlarga ko‘z tushsa-da, umumiy qarash — «uning yomon prezident bo‘lmagan»ini tasdiqlaydi. 

Barak Obama Amerika orzusining hayotdagi timsollaridan biri bo‘ldi. Afrikalik qashshoq talabaning o‘g‘li, irqiy kamsonli aholi qatlamining otasiz o‘sgan vakili hayotda mustaqil ravishda baland cho‘qqilarga erishdi. Obama, uning ota-onasi, Barak yosh vaqtida hayotni tark etishgani sababli, yoshligidanoq o‘z kuchiga ishonishga harakat qilgan. 

Foto: Reuters

Uning siyosiy faoliyati juda tez sur'atlarda o‘sdi, 2004 yilda Illinoys shtati senatori bo‘lgan Obama, 4 yildan so‘ng, AQSh prezidenti lavozimini egalladi. O‘shanda, umuman boshqaruv tajribasiga ega bo‘lmagan inson yadroviy buyuk davlat, eng kuchli armiyaga ega bo‘lgan mamlakat, dunyoning eng yirik iqtisodiyotini boshqara olishini shubha ostiga qo‘yganlar ham bo‘ldi. 

Biroq, skeptiklar Qo‘shma Shtatlarning o‘ziga xos jihatini e'tiborga olmagan ko‘rinadi — mamlakat boshqaruv institutlari shunchalik barqarorki, ular davlatning minimal ishtirokida faoliyatini olib boradi. Oq uy rahbarining asosiy vazifasi — xalqning haqiqiy yetakchisi bo‘lish, yechimlar taqdim etish va ular bo‘yicha mas'uliyatni zimmasiga olishdan iborat. Amerika prezidenti kunlik boshqaruv bilan shug‘ullanmaydi. 

Umuman, prezidentlik davrida ko‘p narsada unga omad kulib boqdi. Amerika 2009–2017 yillarda global chaqiriqlar, jiddiy jahon iqtisodiy inqiroziga duch kelmadi. «Arab bahori», Rossiya bilan munosabatlardagi inqiroz, global muammo sirasiga kirmaydi, albatta. Prezidentlik lavozimida hali ko‘p ham ishlamasdan va aytarli biror ijobiy natija ko‘rsatmasdan Nobel tinchlik mukofotiga munosib topilishini ham shunday omadlardan biri deyish mumkin. 

Foto: Reuters

Qayd etish joizki, Obama prezidentligining ilk kunlaridanoq, saylovoldi va'dalarini bajarishga kirishdi. Shulardan biri, sog‘liqni saqlash sohasidagi norasman Obamacare deb nomlangan tibbiy sug‘urta islohoti bo‘ldi. Buning natijasida tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lmagan 20 mlnga yaqin amerikalik birinchi marta shunday imkoniyatga ega bo‘ldi. 

Ammo, bu islohot mamlakatda turli fikrlar, qarashlar va tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Shunga ko‘ra, AQSh Kongressi ushbu islohotni bekor qilish jarayonini boshlashni ko‘zda tutuvchi hujjatni yanvar oyi boshidayoq qabul qildi. 

Oq uy moliya bozorida yangi qoidalarni joriy qilgan Dodd — Frank qonuni qabul qilinishiga ham mualliflik qildi hamda yangi nazorat organi – Moliyaviy barqarorlikni nazorat qiluvchi kengashni tashkil etdi. Obama iqtisodiyotni 2008 yil inqirozidan muvaffaqiyatli olib chiqdi. Yangi ish joylari tashkil etilishiga turtki berdi. Natijada ishsizlik darajasi deyarli ikki martaga qisqardi. Biroq, iqtisodiyot juda sust o‘sdi. Ulkan davlat qarzi yanada ortdi. Davlat byudjyeti biror marta profitsit bilan yakunlanmadi. 

Shu bilan birga, Obama o‘zining saylovoldi va'dalaridan biri bo‘lgan Guantanamo qamoqxonasini yopishning uddasidan chiqa olmadi. Bunga Kongressni nazorat qilgan respublikachilar yo‘l qo‘ymadi.

Barak Obama hokimiyat tepasiga kelganida, AQSh Iroq va Afg‘onistonda urush olib borayotgan edi. U Iroqdan qo‘shinlarini olib chiqqan bo‘lsa, Afg‘onistonda harbiylari sonini ko‘paytirdi. Uning sakkiz yillik boshqaruvidan keyin ham Iroqda hamon beqarorlik hukm surmoqda, Afg‘onistondan Qo‘shma Shtatlarning chiqib ketishiga esa, ancha borga o‘xshaydi.

Foto: RIA "Novosti"

Biroq, AQSh u yoki bu darajada bog‘liq bo‘lgan boshqa mojarolar safi yanada kengaydi. Liviya, Yaman, Suriyadagi fuqarolik urushi, «Arab bahori» deb nomlangan inqiloblar, Ukraina... Albatta, bularning barchasida Obamani ayblash adolatsizlik bo‘ladi. Chunki, Jorj Bush kichikning bosqinchilik siyosati Obama obro‘siga ham putur yetkazdi. Shu bilan birga, Suriyaga Amerika qo‘shinlarini olib kirmaganini olqishlash barobarida, Liviya bilan bo‘lgan holatda, aviazarbalar berish bilan cheklangani, Muammar Qozzofiyni ag‘darishga kifoya qildi. 

Obama «terrorizmga qarshi kurash» iborasidan foydalanmagan holda, bu kurashni davom ettirdi va tutqich bermas birinchi raqamli terrorchi deb nomlangan Usoma bin Lodinni yo‘q qildi. 

Obamaning Kuba bilan yarim asrdan ortiq davom etgan keskin munosabatlarni normallashtirishga doir qarori ham tarixan muhim ahamiyatga ega. 

Ayni chog‘da, Rossiya munosabatlarni kuchaytirishga bo‘lgan urinish uni keskinlashtirish bilan yakun topdi. 

Foto: RIA "Novosti"

Endilikda, 55 yoshida katta siyosatni tark etayotgan Obama kelgusida nima bilan shug‘ullanishi xususida jiddiy bosh qotirishi kerak bo‘ladi. 

Mavzuga oid
Top