15:09 / 19.01.2017
31805

Shahrixonda tug‘ilgan uch egizak - Islomjon, Abdug‘ani va Karimjonlar durkun ulg‘aymoqda

Kurrai zaminda farzand tug‘ilganida tomirlari moziyning tiniq buloqlaridan suv ichgan o‘zbegimchalik quvonadigan xalq bo‘lmasa kerak.  Shoirning: “Dunyoda bolam deb yashaydi o‘zbek” deb yozgani ham bejiz emas. Inson borki, o‘zidan zurriyod qoldirish, uni Vatan koriga yaraydigan va barkamol shaxs  qilib tarbiyalashni o‘z oldiga maqsad qiladi. Oilada yangi chaqaloq tug‘ilganida u bilan birgalikda olam-olam orzular, umidlar sarchashmasi bunyod bo‘ladi.

O‘tgan yilning 17 iyulida Andijonning Yuqori Shahrixon  qishlog‘idagi Tumor mahallasida istiqomat qiluvchi Qoraboyevlar oilasida quvonarli hodisa yuz berdi. To‘rtta o‘g‘il farzandni voyaga yetkazayotgan Zohidjon va Fotimaxonlar oilasida birdaniga  uch o‘g‘il farzand tug‘ildi. Oilada to‘rt o‘g‘il - Mashhurbek, Samandar, Iskandar va Mansurbeklar voyaga yetmoqda edi.  

Baxtli ota-ona bu quvonchli voqeadan shukrona keltirib, uch o‘g‘ilga O‘zbekistoning birinchi Prezidenti sharafiga  - Islomjon, Abdug‘ani va Karimjon deb ism qo‘yishdi. 

Ayni paytda uch pahlavon olti oylik bo‘ldi. Qoraboyevlar xonadonida bo‘lganimizda Islomjon, Abdug‘ani va Karimjonlarni durkun va sog‘lom o‘sayotganiga guvoh bo‘ldik. Shirin bolakaylarni bekamu-ko‘st ulg‘ayishlari uchun barcha qulayliklar yetarli. Ma'lumki, yurtimizda yosh avlod tarbiyasi va uning sog‘lom voyaga yetishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Oila viloyat, tuman hokimliklari va mahallaning doimiy e'tiborida. Egizaklarni sog‘ligini Tumor qishloq vrachlik punkti shifokori Abdumalik Abdurahmonov nazorat qilib bormoqda. Ona va chaqaloqlarga alohida hamshira Barchinoy Mehmonova biriktirilib qo‘yilgan. Shifokorlar muntazam ravishda chaqaloqlarning har tomonlama sog‘- salomat ulg‘ayishlari uchun ko‘rikdan o‘tkazib turishadi.    

- Men dunyodagi eng baxtli onalardan biriman,-deydi chaqaloqlarning onasi Fotimaxon. – Yaratgan bizni oilaga yettita o‘g‘il farzand berganidan quvonib, turmush o‘rtog‘im bilan ularga muhtaram birinchi prezidentimizning ismi-shariflarini qo‘ydik. Ming shukrki, farzandlarim obod va ozod yurtda dunyoga keldi. Davlatimizning butun dunyo havas qilgudek yutuqlarga erishishida Islom Abdug‘aniyevich Karimovning mehnatlari beqiyos. Nasib qilsa yetti o‘g‘limiz u kishi orzu qilganidek alpqomat, vatan kelajagiga o‘z hissasini  qo‘shadigan ilm va hunarda hech kimdan kam bo‘lmagan insonlar bo‘lib yetishishadi.      

Elmurod Ermatov, Andijondan Kun.uz uchun maxsus

Top