00:43 / 19.01.2017
7237

Senegal armiyasi Gambiya bilan chegaralarga safarbar etildi

Afrikaning Senegal davlati, Gambiya prezidenti vakolatlari uzaytirilgani munosabati bilan, harbiy qo‘shinlarini Gambiya bilan chegara hududlariga safarbar etdi. Bu haqda Reyter agentligi harbiy manbalariga tayangan holda xabar qilmoqda

"Biz u yerga yo‘l oldik. Biz jiddiy tayyorlanayapmiz", — deya harbiy manba so‘zlarini keltiradi agentlik. 

Shuningdek, mahalliy aholi vakillari ham Gambiya bilan chegaralarga yuzlab senegallik askarlar harbiy avtokarvonlarda ketayotganiga guvohlik berishgan. 

18 yanvar kuni Gambiya Milliy assambleyasi saylovlarda mag‘lub bo‘lgan prezident Yayya Djamme vakolatlarini uzaytirdi. U 19 yanvar kuni lavozimini tark etishi, uni saylangan prezident Adame Barrou egallashi lozim edi.

Aytish joizki, Gambiyadagi siyosiy inqiroz dekabr oyi oxirlarida yuzaga chiqqan edi. O‘shanda, Yayya Djamme saylov natijalarini tan olmasligini aytib, lavozimini tark etishni rad etgan edi. Uning vakolatlari tugashiga bir kun qolganida mamlakatda favqulodda holat tartibi joriy qilindi. 

13 yanvar kuni Afrika Ittifoqi mamlakatlari kengashi 19 yanvardan saylovda mag‘lub bo‘lgan Djammeni qonuniy prezident sifatida baholamasligini ma'lum qilgan edi. Bundan avvalroq, Nigeriya va g‘arbiy Afrika qator mamlakatlarining birlashgan kuchlari, Djamme hokimiyatni bo‘shatmas ekan, Gambiyaga kirishi mumkinligi haqida xabarlar ham paydo bo‘lgandi. 

Gambiya prezidentlik saylovi 2016 yil 1 dekabrda bo‘lib o‘tgan. Unda 890 ming kishi ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan. Davlat rahbarligi uchun amaldagi prezident Yayya Djamme, asosiy muxolif tuzilma hisoblangan Birlashgan demokratik partiya nomzodi Adam Barrou va muxolifatdagi "Gambiya demokratik kongressi" yetakchisi  Mamma Kande kurashgan edi.

Top