18:22 / 20.01.2017
10379

2016 yilda deyarli 4 milliard so‘mlik zarar iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berildi

2017 yil 20 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2016 yil faoliyat yakunlari hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da faoliyat yo‘nalishlarining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari hamda ularning tuman (shahar) jamiyatlari ijro etuvchi apparati rahbarlari ishtirok etdi.

Majlisda qayd etilishicha, hisobot yilida Federatsiya, uning hududiy tuzilmalari va tuman (shahar) jamiyatlariga iste'molchilardan jami 9908 ta yozma, og‘zaki (1091 raqamli ishonch telefoni) va elektron murojaat (ariza, taklif va shikoyatlar) kelib tushdi. Ushbu shikoyat va arizalarning 9222 tasi, ya'ni 93,1 foizi ijobiy hal etildi va yetkazilgan 3 milliard 860 million so‘mdan ortiq zarar iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berildi.

Murojaatlarning 2863 tasi (jami arizalarning 28,9 foizi) tabiiy gaz ta'minoti, 2343 tasi (23,6 foiz) savdo, 1526 tasi (15,4 foiz) elektr ta'minoti, 335 tasi (3,4 foiz) kommunal xizmat ko‘rsatish, 308 tasi (3,1 foiz) suv ta'minoti, 156 tasi (1,6foiz)transport, 185 tasi (1,9 foiz) aloqa, 162 tasi (1,6 foiz) sog‘liqni saqlash va 2030 tasi (20,5 foiz) boshqa sohalarga  mansub.

Iste'molchi fuqarolarning murojaatlarini qabul qilishni samarali tashkil etish va ularga qulaylik yaratish maqsadida Federatsiyaning virtual qabulxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ariza, taklif va shikoyatlar uning www.istemol.uz  veb sayti orqali onlayn rejimda qabul qilinmoqda.

Shuningdek, murojaatlarni Federatsiya tizimidagi 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llash imkoniyati ham mavjud. 

Top