15:30 / 20.01.2017
11907

Imomali Rahmon Tojikistonda 2017 yilni Yoshlar yili deb e'lon qildi

Foto: News.tj

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon mamlakatda 2017 yilni Yoshlar yili deb e'lon qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. 

Davlat rahbari prezident devoniga bir oy muddat ichida o‘z Farmonini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasini yuklagan. 

Imomali Rahmon 22 dekabrda parlamentga yo‘llagan murojaatida Tojikistonda 2017 yilni Yoshlar yili deb e'lon qilish taklifini bergandi.

Tojikiston rahbari o‘tgan yili mamlakat yoshlar ishi bo‘yicha Kengashining birinchi yig‘ilishida nutq so‘zlab, yoshlarni terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar safiga borib qo‘shilishdan, shuningdek giyohvandlikdan saqlanishga chaqirgandi. U yoshlarga ko‘proq ilm o‘rganish, ilmiy-tadqiqot ishi bilan shug‘ullanish, ixtirolar qilish, o‘zining ruhiy-jismoniy rivojlanishiga katta e'tibor qaratishni maslahat berdi.

Tojikistonda yoshlar ishi bo‘yicha milliy kengash prezidentning 2015 yil 18 iyuldagi farmoniga ko‘ra tashkil etildi. U Imomali Rahmon boshchiligidagi 43 a'zodan iborat.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, tuzilmaning maqsadi – yoshlar siyosati bilan bog‘liq masalalarni amalga oshirishni nazorat qilish, yoshlarni muhim davlat va jamoat ishlariga jalb etish, markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoshlar birlashmalari hamda tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytish va faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat.

Top