10:46 / 20.01.2017
4165

Xitoy kompaniyasi xodimlari sog‘lig‘ini ta'minlashning ixtiyoriy majburiy usulini topdi

Xitoyning Chuntsin shahridagi nomi oshkor qilinmagan texnologik kompaniyasi o‘z xodimlariga kuniga kamida 10 ming qadam tashlash majburiyatini yukladi, deb yozadi South China Morning Post nashri. Gazeta loyiha ishchilaridan birining ma'lumotiga asoslangan holda shu haqda yozmoqda. Kompaniya rahbariyati buni xodimlarning salomatligi borasida qayg‘urish deb baholagan. 

Kompaniyada ishlaydigan Xu ismli 30 yoshli xodimning aytishicha, ishning birinchi kunida WeChat messenjerida qadam hisoblagichni yoqishni va barcha ishchilar o‘z faolligini namoyish qiladigan guruhga qo‘shilishni talab qilishgan. 

Xuning e'tirofiga ko‘ra, ilk damlarda u bunday talabdan hayratda qolgan. Chunki, bu uning ishdagi majburiyatiga kirmaydi, deb o‘ylagan. 

«Boshida men juda charchadim, ammo keyinchalik, mening jismim shunday tayyorgarlikka muhtojligini sezdim. Hozirda, hamkasblarim ham kompyuter o‘yinlari o‘rniga sayrga chiqishadi», — deb qo‘shimcha qilgan Xu. 

Dastur talabini bajarmaganlar esa 50-100 marotaba qo‘llariga tayangan holda, tirsaklarini bukib yozishlari kerak bo‘ladi. Sport bilan faol shug‘ullanadigan xodimlar, aksincha, bu kabi majburiyatlardan ozod etiladi. 

Kompaniya vakilasining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot shu yo‘l bilan xodimlarining salomatligi haqida qayg‘uradi. Uning aytishicha, hozircha, hech kimga ikkinchi talab joriy qilinmagan. 

10 ming qadam taxminan 8 kmga teng keladi. Ilk marotaba bu me'yor yaponiyalik ixtirochi Yesiro Xatanoning 1960 yillardagi elektron qadam hisoblagichida paydo bo‘lgan edi. Biroq, kuniga aynan shuncha qadam tashlash inson sog‘lig‘iga foyda berishining ilmiy tasdig‘i yo‘q. 

Top