Tojikiston ichki ishlar vaziri ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaraga yaqin hududida 10 ming jangari bir joyga to‘plangan.
Mamlakat ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda jurnalistlarning Afg‘oniston tomondagi tojik-afg‘on chegarasida hozir qancha jangari bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga – taxminan 10-15 ming, deb javob qaytargan.
«Biz aniq raqamlarni keltira olmaymiz, biroq ularning soni 10-15 ming kishi atrofida bo‘lishi mumkin. Afg‘onistondagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Bu barchani tashvishga solayotgani hech kimga sir emas», - deya ta'kidlab o‘tdi IIV rahbari.
Shu bilan bir qatorda, uning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistonda Tojikistonning turli terrorchilik tashkilotlari safiga kirgan fuqarolari ham bor. «Biroq u yerda faqatgina Tojikiston fuqarolari emas, balki ko‘plab mamlakatlardan kelgan kishilar bor. Afg‘oniston huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari u yerda kechayu kunduz ishlar olib bormoqda, ammo vaziyat juda og‘ir», - dedi vazir.
U Tojikiston tomoni chegarani to‘liq nazorat ostida ushlab turganini aytib o‘tgan.