18:02 / 20.01.2017
9261

Turkiya parlamentidagi mushtlashuvda ikki ayol deputat jabrlandi

Turkiya parlamentida ro‘y bergan mushtlashuv natijasida ikki nafar deputat jiddiy jarohat oldi. Parlamentda Turkiyaning prezidentlik boshqaruv shakliga o‘tishini ko‘zda tutuvchi konstitutsion islohotlar muhokamasi ketayotgan bo‘lgan. Bu haqida 20 yanvar, juma kuni Hurrieyt nashri xabar berdi. 

Mushtlashuv mustaqil deputat Aylin Nazliyakaning qonun loyihasiga  qarshi chiqib, o‘z noroziligini tribunada qo‘llarini kishanlab bildirganidan keyin avj oldi. Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) deputatlari uni tribunadan olishga urinishdi, muxolifat deputatlari esa ayolni himoya qilishga kirishishdi. Natijada ATPning bir deputati va kurdlarning Xalqlar demokratiyasi partiyasi (XDP)ning bir deputati jarohat oldi. Ikki ayol ham zaldan tez yordam zambilida olib chiqib ketildi. 

Asosiy qonunga o‘zgarishlar kiritish loyihasi ATP partiyasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. 

Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni referendumga olib chiqish uchun loyiha 550 deputatdan 330 nafari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak bo‘ladi. Parlamentda 355 o‘ringa ega Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) hamda Milliy harakat partiyasi (MHP) deputatlari referendumni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Muxolifat partiyalar - Xalq-respublika partiyasi (XRP) va Xalqlar demokratiyasi partiyasi (XDP) mazkur loyihaga qarshi chiqmoqda va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni yakkahokimlik o‘rnatishga urinishda ayblamoqda. 

Mavzuga oid
Top