11:54 / 20.01.2017
16303

O‘zbekiston terma jamoasining navbatdagi o‘rtoqlik o‘yini bekor qilindi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining 12 fevral kuni Antaliya shahrida Armaniston terma jamoasiga qarshi o‘tkazilishi rejalashtirishgan o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi, deya xabar bermoqda O‘FF matbuot xizmati.

Manbaga ko‘ra, o‘yin Armaniston futbol federatsiyasi tomonidan bekor qilingan.

O‘yin milliy terma jamoaning 9–13 fevral kunlari Turkiyada tashkil qilinadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari doirasida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi. Armaniston termasi Turkiyadagi siyosiy barqarorsizlik tufayli u yerda yig‘in o‘tkazishdan bosh tortdi va yuzaga kelgan noqulaylik uchun O‘zbekiston futbol federatsiyasidan uzr so‘radi.

Federatsiya matbuot kotibi Sanjar Rizayevning tvitterda yozishicha, aynan shunday mazmundagi xat AFF vitse-prezidenti Ashot Manukyan nomidan O‘FFga kelib tushgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi JCh–2018 turniriga uchinchi saralash bosqichini 23 mart kuni Suriyaga qarshi safardagi o‘yin bilan davom ettiradi.

Ma'lumot uchun, Saralash bosqichi «A» guruhi 5-turidan keyin Suriya 5 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turibdi. O‘zbekiston terma jamoasi esa guruh peshqadami Erondan 2 ochko orqada qolgan holda 9 ochko bilan 3-o‘rinni band qilgan.

Mavzuga oid
Top