12:55 / 21.01.2017
7704

Haydovchisiz Chevrolet’ning San-Frantsisko bo‘ylab sayri videoga olindi

O‘tgan yili General Motors kompaniyasi tomonidan sotib olingan Cruise Automation kompaniyasi o‘zi boshqariluvchi Chevrolet Bolt avtomobilining San-Frantsisko bo‘ylab sayri videosini joylashtirdi. The Detroit News nashrining ma'lum qilishicha, avtopilot tizimi Chevrolet Bolt elektrokariga o‘rnatilgan, mashinada sayr chog‘ida GM prezidenti Den Ammann bo‘lgan. 

Chevrolet Bolt 200 ot kuchiga ega elektrokar bo‘lib, bir quvvatlanishda 320 km gacha yo‘l bosa oladi. Bu model AQShda 2017 yilning eng yaxshi mashinasi deb atalgandi.

Rolikda avtopilotning turli yo‘l sharoitlarida ishlashi ko‘rsatilgan: mashina yo‘lning qatnov qismiga qo‘yilgan avtomobillarni chetlab o‘tgan, polosani almashtirgan, yo‘lovchilar va velosipedchilarni o‘tkazib yuborgan hamda bekatdan chiqayotgan avtobusni quvib o‘tish kerakligi-yo‘qligi borasida qaror chiqargan. Kompaniyada bu sayr to‘liq avtonom rejimda odam ishtirokisiz o‘tgani aytildi.

Ayni vaqtda bu mashina Skottsdeyl, Arizona va Michiganda ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Avvalroq GM kompaniyasi avtopilotga ega seriyali mashinalarni 2020 yilgacha yo‘llarga olib chiqishga va'da bergandi.

Mavzuga oid
Top