10:37 / 21.01.2017
34774

Xayr Barak, salom Donald: Obamaning lavozimidagi so‘nggi kuni va yangi hayoti haqida

AQSh prezidenti Barak Obama 20 yanvar kuni kechqurun Donald Trampga o‘z vakolatlarini topshirdi va Oq uyni butunlay tark etdi. Yangi davlat rahbari inauguratsiya va boshqa rasmiy marosimlardan so‘ng bo‘sh qolgan qarorgohga o‘z narsalarini olib kirishni boshlaydi.

An'anaga ko‘ra, Obamaga “janob prezident” so‘zlari bilan umrining oxiriga qadar murojaat qilishadi. Shu tariqa, u ayni damda hayot bo‘lgan avvalgi prezidentlar: Jorj Bushlar (kichik va katta), Bill Klinton hamda Jimmi Karterning safiga borib qo‘shildi.

Albatta, Obamaning maqomi ma'lum bir huquq va majburiyatlarni ham ko‘zda tutadi. Kun.uz AQShning 44-prezidenti o‘z lavozimidagi ishini qanday yakunlagani va hayotining yangi davriga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida hikoya qiladi.

19 yanvar Obamaning o‘z vazifasidagi so‘nggi to‘liq ish kuni bo‘ldi. U payshanba kunini Oval xonada vitse-prezident Jo Bayden ishtirokidagi an'anaviy brifing bilan boshladi. Bu o‘ziga xos “yig‘ilish” avvalgilaridan faqatgina, undan keyin Amerika yetakchisining o‘rinbosari bilan begonalar ko‘zidan yiroqda bo‘lgan oshxonadagi so‘nggi tushligi bilan ajralib turdi.

Obama Oq uy saytidan fuqarolarga xayrlashuv maktubini yo‘llab, o‘zining saylovoldi va'dalari bilan bog‘liq bo‘lgan maxsus aktlarga vaqt ajratdi. Obama 330 mahbusning jazo muddatini yengillashtirdi. Bu so‘nggi kunlardagi ikkinchi ommaviy “amnistiyaga” aylandi va unga AQShning boshqa prezidentlari orasida afv etgan mahkumlar soni bo‘yicha yetakchiga aylanish imkonini berdi.

Shuningdek, u AQSh vakillari palatasi spikeri nomiga xat jo‘natdi va unda Guantanamo qamoqxonasi sabab tanqid toshlarini otdi. Obama kongressmenlarni aynan ular muassasani yopishga halaqit berishganida aybladi. Ayni damda Guantanamoda 41 mahbus bor.

Birinchi xonim Mishel Obama esa turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda Germaniya kansleri Angela Merkel va uning turmush o‘rtog‘i bilan telefon orqali suhbat qurdi. Unda tomonlar umumiy so‘zlar bilan cheklanib, bir-birlariga sakkiz yillik samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirishgan.

Shundan so‘ng Obama ma'muriyatdagi “o‘ta muhim” insonlar bilan navbatma-navbat uchrashdi. Oq uy tomonidan taqdim etilgan rolikda prezident hattoki xizmat ko‘rsatuvchilar bilan ham xayrlashganini ko‘rish mumkin.

Obamaning narsalarini esa Milliy arxiv ishchilari yig‘ishni boshlashdi. Ketayotgan davlat rahbari buyumlari ortilgan so‘nggi aravacha Oq uydan kech tushgandagina olib chiqib ketildi.

Oila 20 yanvar kuni ertalab kichik Jorj Bush va uning rafiqasi bilan uchrashdi. So‘ng Obama an'anaga ko‘ra Trampga Oval xonada maktub qoldirdi va Oq uyni tark etdi.

Bo‘shab qolgan qarorgohda keng qamrovli ishlar boshlandi. Bir kunning o‘zida Obamaning narsalarini olib chiqib ketish va binoni Tramp uchun tayyorlash lozim bo‘ldi.

Jurnalistlar eng katta o‘zgarish avvalo Oval xonada bo‘lishini aytib hazil qilishmoqda: mevalar bilan to‘la vazalar o‘rnida (Mishel va Barak Obama sog‘lom taom tarafdorlari edi) chips va nachoslar – Trampning sevimli gazaklari paydo bo‘ladi.

Oq uydagi eng so‘nggi xayrlashuv marosimi juma kuni ertalab o‘tkazildi. Davlat rahbari hokimiyatni Trampga berayotgan paytda, uning yuklari AQSh 44-prezidenti yangi uyiga yo‘l olayotgandi.

Obama sakkiz yillik prezidentlikdan so‘ng siyosatdan ketib, kitob yozish, oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish va “jimjitlikda qolish”ni istamoqda. U o‘z rejalarini Vashington chekkasidagi Kalorama tumanida joylashgan hashamatli uyda amalga oshirishi mumkin. U yerga oila qisqa muddatli ta'tildan so‘ng boradi.

Oila AQSh poytaxtida kichik qizlari Sasha sabab qolishga qaror qilishdi. U o‘rta maktabni faqatgina 2018 yilda tamomlaydi. Shundan so‘ng oila katta ehtimol bilan Obamaning faoliyati boshlangan Chikagoga ko‘chib o‘tadi.

1928 yilda qurilgan uyda to‘qqizta yotoqxona, sakkizta vannaxona bor. Hududda ikkita mashinaga mo‘ljallangan garaj va go‘zal bog‘ ham joylashgan. Imorat 5-6 million dollar atrofida turadi, biroq Obama uni sotib olishni rejalashtirmayapti.

Uy Bill Klintonning sobiq matbuot kotibi Jo Lokxartga tegishli. Obama uni ijaraga olish uchun har oyda 22 ming dollarni qurtdek sanab beradi.

AQShda Mishel Obama va uning mashhur bog‘i borasida katta bahslar kelib chiqdi. Rasman bog‘ning yo‘q qilinishi haqida hech kim ma'lum qilmadi, biroq unga tegmaslik haqida mashhur kishilar iltimos bilan chiqishdi. Shu bilan bir qatorda, Mishel 2016 yilning kuzida bog‘da qo‘shimcha ishlarni olib bordi – ular bu yerni tezlik bilan va ko‘zga chalinmaydigan qilib buzishga halaqit beradi.

Mishel Obama 18 yanvar kuni Oq uy hududida o‘zining Sanni va Bo laqabli itlarini so‘nggi bor sayrga olib chiqdi. Sobiq birinchi xonim o‘z jonivorlarini bu yerda qoldirishdan bosh tortdi hamda ularni o‘zi bilan yangi uyga olib ketdi.

Barak Obama sobiq prezidentlar to‘g‘risidagi qonunga muvofiq har yili 205 ming, Mishel esa – 20 ming dollar miqdorida pensiya oladi. Obama davlat rahbari lavozimida yiliga taxminan 390 ming dollar ishlab topdi. Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, u 2005-2016 yillar davomida 20 million dollarga ega bo‘ldi. Bundan uning yozuvchilik faoliyati ham e'tiborga olingan.

Er-xotinlar birinchi pullarni 2017 yilning fevralidayoq olishadi. Pensiya Obama Oq uy yoki Kolumbiya okrugi hukumatiga ishga kirsa, bekor qilinadi.

Obamaga transport, oziq-ovqat va xizmatchilar bo‘yicha sarf-xarajatlarni qisman to‘lab berishadi. Bu ishlarga o‘rnatilgan mablag‘ cheklovi yiliga 96 ming dollarni tashkil etadi. Oilani amaldagi prezidentning xavfsizlik xizmati xodimlari umrbod qo‘riqlaydi. Shuningdek, ularga harbiy gospitallarda bepul davolanish va dafn marosimlarini davlat hisobidan o‘tkazish huquqi ham berildi.

Odatda AQShning sobiq prezidentlari o‘zlariga qo‘shimcha ish topishadi. Obamadan avvalgi yetakchilarni eslasak, ular pulga leksiyalar o‘qishgan, universitetlarga professor bo‘lib ishga kirishgan. Shu bilan bir qatorda, yozuvchilar Obamaga xotira kitobi yozish huquqi uchun 15 million dollar taklif etishmoqda. Sobiq davlat rahbari esa bir qator intervyularida basketbol jamoasiga rahbarlik qilishni xohlashi haqida gapirib o‘tgan.

Obamaga hozirning o‘zidayoq ish bo‘yicha bir necha takliflar kelib tushgan: masalan, Spotify musiqa servisi rahbari Deniel Ek unga “pleylistlar prezidenti” lavozimini taklif qildi.

Amerika OAV esa huquq va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Obama yuqori texnologiyalar yoki fazo sohasida o‘zini sinab ko‘rishi mumkinligini xabar qilishdi. Prezident va uning oila a'zolari Kremniy vodiysiga 2016 yilning o‘zida o‘ndan ortiq marotaba tashrif buyurishdi, deb yozadi The New York Times. Mishelga keladigan bo‘lsak, hozircha u o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘yishi borasidagi mish-mishlarni rad etmoqda. Ammo hammasini vaqt ko‘rsatadi...

Top