13:49 / 21.01.2017
28440

Internetda turmush o‘rtog‘iga g‘azab bilan qarayotgan Hillari Klintonning surati muhokamalarga sabab bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Hillari Klintonning Donald Tramp inauguratsiyasi paytida o‘z turmush o‘rtog‘iga g‘azab bilan qaraganini keng muhokama qilishmoqda.

Ko‘pchilikning taxminicha, Bill Klinton labini tishlagan holda bu vaqtda Trampning qizi Ivankaga qarayotgan bo‘lgan.

"Sizga Bill Klintonning Ivanka Trampga qarashi kabi nazar tashlaydigan kimnidir toping", - deb yozadi NinJosh.

"Hillarining jahli chiqib ketdi, Billning esa parvoyi palak!", - ta'kidlab o‘tdi tonya de taxallusi ostidagi internet foydalanuvchisi.

"Billni Ivanka Trampga qarayotgan paytida ushlab olishdi. Bill, sen hech qachon o‘zgarmaysan", - deya izoh qoldirdi Jyey Uorner.

"Hillarining yuzini ko‘rish – bu barcha komediya seriallarini tomosha qilishdan ham yaxshiroq", - degan Mr Ives.

Biroq, bir qator foydalanuvchilarning ta'kidlashicha, AQShning sobiq prezidenti aslida nimaga qaragani noma'lum.

"U qayerga yoki nimaga bunday qaraganini biz qayerdan bilamiz? Ko‘rayotgan yagona narsamiz – bu u qayergadir juda ham katta e'tibor bilan qaraganining isboti, xolos", - deya yozdi News View.

"U aniq Hillariga qaramagan", - deb unga javob qaytargan Marcell nomli foydalanuvchi.

"Billi Bob hali-hamon go‘zallikning qadriga yetadi. Hillarining jahli chiqqani aniq", - deya yozdi YentDolly.

The Sun nashrining taxminicha, Klinton aslida AQShning yangi prezidenti rafiqasi Melanyaga qarayotgan bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, Bill Klinton davlat rahbari bo‘lgan paytda ishqiy munosabatlar bilan bog‘liq katta mojaroga aralashib qolgandi. U Oq uydagi amaliyotchi qiz Monika Levinski bilan aloqada bo‘lgan. Bu janjal prezident impichmentiga olib ham kelishi mumkin edi.

Top