10:44 / 21.01.2017
5196

Tailandda kuchli suv toshqinlari oqibatida 80 kishi halok bo‘ldi

foto: EPA

Tailand janubida kuzatilayotgan kuchli suv toshqinlari oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 80 kishiga yetdi, yana 4 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda favqulodda holatlar oqibatini bartaraf etish departamenti shanba kuni xabar berdi.

Kuchli suv toshqinlariga mintaqada yanvar boshidan beri kuzatilayotgan kuchli yomg‘irlar sabab bo‘lgan. Sinoptiklar yetti viloyat hududida dam olish kunlari yana yomg‘ir yog‘ishini taxmin qilmoqda. Siam bo‘g‘ozida katta to‘lqinlar kutilmoqda, kichik kemalar egalariga sohilda qolish tavsiya qilindi.

Qutqaruvchilar ma'lumotiga ko‘ra, Janubiy Tailandda kuchli yomg‘irlar oqibatida yuz minglab uy xo‘jaliklari suv ostida qolgan. U yerda 1,7 million kishi istiqomat qiladi. Xorijlik fuqarolar orasida jabrlanganlar borasida xabar berilmadi.

Suv toshqinlari katta iqtisodiy zarar yetkazdi. Ko‘plab hududlardagi guruch maydonlari, shuningdek yuzlab fabrika va zavodlar suv ostida qolgan. Tabiiy ofat oqibatida yetkazilgan moliyaviy zarar miqdori 2,8 millard AQSh dollari atrofida baholanmoqda.

Tailand janubiga kuchli yomg‘irlarni siklon (atmosfera girdobi) olib kelgan. Bosh vazir Prayut Chan-Ocha mamlakatda kuzatilayotgan noqulay ob-havoni “so‘nggi 30 yil davomidagi eng yomoni” deb atadi. Aksariyat kurortlarga suv toshqinlaridan zarar yetmagan.

Mavzuga oid
Top