01:17 / 22.01.2017
5708

APL. «Manchester Siti» g‘alabani qo‘ldan chiqardi

Foto: Twitter/premierleague

Angliya premer-ligasining 22-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda «Manchester Siti» «Tottenhem»ni o‘z uyida qabul qildi.

Uchrashuv o‘z nomini oqladi. Qiziqarli kurashlarga boy bo‘lgan o‘yinda ustunlik «Manchester Siti» tomonida bo‘ldi. Biroq dastlabki gol faqatgina ikkinchi bo‘limda Ugo Lorisning xatosidan keyin kiritildi. Ikkinchi golda ham Loris juda qo‘pol xatosidan keyin Kevin de Bryuyne tomonidan darvoza yo‘llandi. 

Ammo manchesterliklar 2:0 hisobida oldinda borishlariga qaramay g‘alabani ushlab qola olishmadi. Avvaliga Dele Alli o‘rtadagi farqni qisqartirgan bo‘lsa, Song Xyong Min muvozanatni tikladi. Song gol kiritgan vaziyatdan biroz oldinroq, «Siti» hisobni 3:1 ga yetkazib olishi mumkin edi. Darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borayotgan Rahim Sterling zarba berish jarayonida Kayl Uoker tomonidan turtib yuborildi. Biroq Sterling to‘liq yiqilmaganini ko‘rgan hakamlar penalti belgilashmadi va aynan shu hujumning davomida «Tottenhem» ikkinchi golni kiritdi.

Ikkinchi bo‘limda «Manchester Siti» tarkibida debyut qilgan Gabriel Jyezus terma jamoada bo‘lgani kabi yangi klubida ham gol kiritishi mumkin edi. Biroq De Bryuyne tomonidan yetkazib berilgan pasni darvozaga yo‘llagan 19 yashar braziliyalik futbolchi ofsaydda qolib ketgandi.

Ushbu durangdan keyin «Tottenhem» hisobidagi ochkolar soni 46taga yetdi va jamoa turnir jadvalining 2-o‘rnida bormoqda. «Manchester Siti» esa 43 ochko bilan 5-pog‘onada qoladigan bo‘ldi.

APL, 22-tur

Manchester Siti – Tottenhem 2:2 (0:0)
Gollar:
Sane (49), de Bryuyne (54) –  Alli (58), Song Xyong Min (77).
Manchester Siti: Bravo, Otamendi, Klishi (Stounz, 84), Sabaleta, Kolarov, Silva (Delf, 90), Ture, de Bryuyne, Sterling (Gabriel Jyezus, 82), Sane, Aguero.
Tottenhem: Loris, Vimmer (Son Xyn Min, 46), Rouz, Uoker, Alderveyreld (Uinks, 65), Dembele (Sissoko, 78), Dayyer, Eriksen, Vanyama, Alli, Keyn.
Ogohlantirishlar: Vimmer (12), Dayyer (13), Kolarov (45), Alli (51), Otamendi (52), Vanyama (87).

Top