15:10 / 22.01.2017
7221

Kavani Yevropaning beshta yetakchi chempionatlari orasida o‘ziga xos natija qayd qildi

"PSJ" 1-fransuz ligasining 21-turida "Nant" ustidan zafar quchdi. Uchrashuv Nantdagi "Lya Bojuar — Lui Fonteno" stadionida o‘tib, 0:2 hisobida mehmon jamoa foydasiga hal bo‘ldi.

Parijliklar hujumchisi Edinson Kavani uchrashuvda dubl qayd qilib, joriy mavsumda Yevropaning 5 ta yetakchi milliy chempionatida 20 ta gol urgan ilk futbolchi bo‘ldi. Kavani Liga 1’ning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida ikkinchi bo‘lib kelayotgan Aleksandr Lyakazettni 5 ta to‘p ortda qoldirmoqda.

Bu orada Angliya Premer-ligasining eng yaxshi to‘purarlari Zlatan Ibrahimovich, Aleksis Sanches va Diyego Kosta 14 tadan gol urishgan. Ispaniya Primerasida 14 tadan gol urgan Luis Suares va Lionel Messi yetakchilik qilmoqda.

Bundesligadagi to‘purarlar poygasiga 16 ta gol muallifi bo‘lgan Per-Emerik Obameyyang boshchilik qilmoqda. Italiya A seriyasida 15 ta gol urgan Mauro Ikardi to‘purarlar orasida yetakchi bo‘lib qolmoqda.

Top