08:39 / 23.01.2017
36517

“Lily Education” o‘quv markazi asoschisi: “Yaqin kelajakda bolalarni ona qornidayoq o‘qishga qabul qiluvchi maktab ochish niyatidaman”

Bolalar - bizning kelajagimiz. Kelajak esa ota-ona va ustozlar qo‘lida shakllanib, kamol topadi. Har bir kishining ustoz deb biluvchi yaqin insoni bo‘ladi. Biroq ayrim hollarda ta'lim tizimida qator muammolarga duch kelinayotganiga, bolalarning bilim olish ko‘rsatkichi pasayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu vaziyatda kim aybdor - ustozlarmi, ota-onalarmi yoki o‘quvchilarning o‘zimi? 

"Aclida, yomon o‘qituvchilar bo‘lmaydi, o‘z ustida ishlamaydigan o‘qituvchilar bo‘ladi. Yomon o‘quvchilar ham bo‘lmaydi, balki tushunmaydigan o‘quvchilar bo‘ladi". Ish faoliyatida aynan shu oltin qoidani shior qilib olgan bugungi qahramonimiz - pedagogika sohasida 25 yil tajribaga ega  Nilufar Haydarovadir. Qahramonimiz 2008 yil O‘zbekiston bo‘yicha "Yilning eng yaxshi ingliz tili o‘qituvchisi" tanlovida ikkinchi o‘rin sohibasi, Lily Education o‘quv markazining ta'sischisi, rahbari sanaladi. Nilufar Haydarova o‘zining tajribasi orqali kasbida muammo, qiyinchiliklarga duch kelayotgan o‘qituvchi-pedagoglarga maxsus seminar-treninglar o‘tishni maqsad qilgan. Ya'ni, o‘qituvchilik sohasidagi o‘z "retsept"larini kasbdoshlari bilan bo‘lishish niyatidadir. 

Nilufar Haydarovaning ichki olami, hayotiy tajribalariga nazar tashlaymiz.

O‘kituvchilik kasbiga bo‘lgan muhabbatning paydo bo‘lishi qanday kechgan?


“Bu savolni o‘zimga juda ko‘p bora berganman. Mana, masalan, yaqinda bir o‘quvchimning onasi kelib, farzandining o‘zgarib qolgani, ya'ni o‘qishga bo‘lgan qiziqishi so‘nib borayotgani, bu esa ularni tashvishga solayotganini aytib qoldi. O‘quvchimning sinfida ustozi sog‘lom, nosog‘lom insonlar mavzusini tushuntirayotib, mening ko‘zoynak taqadigan o‘quvchimni nosog‘lom, uning yonidagi bolani esa sog‘lom bola misolida ko‘rsatgan. Bu esa uning ruhiyatiga qattiq ta'sir qilgan. Men bu voqeani eshitib, qanchadan qancha ustozlar bolalarning ruhini sindirib qo‘yishlarini o‘ylab xafa bo‘ldim.

Uni yonimga chaqirib, “Nima deb o‘ylaysan, ikkimizda o‘xshash bo‘lgan qanday narsa bor?” dedim. U jilmayib, inglizchada "eyeglasses" ya'ni ko‘zoynak dedi. Shunda men unga: “Men ham ko‘zoynak taqaman. Lekin hech kimdan kam bo‘lmadim-ku. O‘z tajribam, sevimli kasbimga egaman. Hali meni aytdi deysan, sen juda mashhur inson bo‘lasan. Seni barcha shu ko‘zoynaklaring bilan taniydi”, - deya javob berdim. Shunday vaziyatlarda yosh avlodga ta'lim berishda kerakligimni va kasbimga bo‘lgan kuchli muhabbatni his qilaman”.  

Men uchun Vatan tuyg‘usi nima?

“Men uni 27 yoshimda his etganman. U vaqtgacha maktabda, oliygohlarda vatan haqida turli she'r-qo‘shiqlar kuylab, uni his qila olmasdim. Bir kuni Parijda, bog‘da aylanib yurganimda, uzoqdan shovqinli ovozlar keldi. Bilsam, turkiyaliklar futbol bo‘yicha chempionatdagi g‘alabasini katta xursandchilik bilan bayroqlarini baland tutgan holda nishonlayotgan ekan. O‘sha damda bilmasam, xasadmi yoki havasmi, men ham shu olomon ichida O‘zbekistonimning bayrog‘ini ko‘targim keldi. Shu damda men Vatan aslida nima ekanligini tushunib yetganman.  Qancha ko‘p xorij safarlarida bo‘lsam, shuncha ko‘p xalqimni qiyoslay boshladim, mehrim-muhabbatim ortaverdi. Vatanimga kerakligimni his etdim.

Kaliforniyaning Montclair maktabidagi tajriba

AQShga sayohat – o‘zgacha taasurotlarga boy bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Biroq men kutgan narsa sodir bo‘lmadi. Kaliforniya, Nyu-York, Los-Anjyeles, Vashington, Disney bog‘lari, Hollivud, baland-baland binolar – bari juda qiziqarli, biroq mening qalbimda jiz etuvchi uchqun yonmadi. Nahot, Amerikaga tashrif buyursam-da, qalbimda bir cho‘g‘ yonganini his etmasam.
Kaliforniyaning Montclair  maktabiga kelganimizda, bizlarga guruhlarda dars o‘tish vazifasi topshirilgan edi. Dars jaryonlari shu darajada qiziq o‘tdiki, bolalar bilan maza qilib ishladim. Uchinchi kun sinf xonasiga kirib ketayotganimda bir qiz yugurib kelib, qo‘limga oqqush yasalgan qog‘ozni berdi. Dars o‘tar ekanman, tezroq oqqushli xatni o‘qigim keldi. Dars tugashi bilan qog‘ozni ochib o‘qidim va ko‘zimga beixtiyor yosh keldi. Xatning ichida menga tashakkurlar aytib, O‘zbekiston haqida iliq taassurotlar olishgani yozilgan edi. Men esa vatanim madhini xorijliklarga biroz bo‘lsa-da tanita olganimdan quvondim. Shu xatni hali ham xonamda saqlayman. 
 

 

Qalbimda Nyu-York yoki Vashington emas, balki shu qizning menga bitgan maktubi katta uchqun yoqa oldi.

Lily Education o‘quv markazining tashkil topishi

Men doim o‘z fikrlarimni, g‘oyalarimni bo‘lishishga harakat qilaman. Ko‘p maskanlarda ishladim. Bir kuni TEAM o‘quv markazining direktori bilan suhbatlashib o‘tirganimizda, unga ayrim rahbarlar, o‘qituvchilar, ta'lim tizimidagi kamchiliklar yuzasidan o‘z e'tirozlarimni bildirdim. Shunda u menga juda yaxshi bir maslahatni berdi: “Nilufar opa, nega siz o‘zingizni o‘quv markazingizni ochmaysiz? Agar o‘zingiz rahbar bo‘lib, o‘quv dargohi ochsangiz, barcha g‘oyalaringizni amalga oshira olasiz”. Ana shunda katta maqsadni oldimga qo‘ygan holda, avvalam bor, insonlarga foydam tegishi, o‘quv tizimida yangiliklar kiritish hamda sevimli kasbim bilan chin dildan shug‘ullanish uchun 2013 yilda Lily Education o‘quv markaziga asos soldim. Chindan ham, o‘zim xohlagan ta'lim dargohi paydo bo‘ldi. Bu maskan mening hayotim, mening katta bir oilam, undagi bolalar esa – mening farzandlarim, izdoshlarim. O‘quv markazimizning barcha o‘quvchilari minnatdor bo‘lib, bitirib ketishadi. 
Kuni kecha bir o‘quvchim shunday dedi: “Nilufar opa, Lily Education menga juda ko‘p narsani o‘rgatdi. Rahmat sizlarga. Bu yerda men faqat ingliz tilini emas, balki hayotda zarur bo‘lgan uch so‘z: rahmat, iltimos, kechirasizni aytishni o‘rgandim”. Men esa o‘quv markazimiz nafaqat bilim, balki hayotiy ko‘nikmalar berayotganidan, yoshlarni tarbiyalayotganidan mamnunman.

Yoshlarga ta'lim berishda psixologiyaning o‘rni

Psixologiya ta'lim bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi kerak. Lily Education har bir bolani nafaqat tilni mukammal bilishi uchun, balki inson sifatida shakllanishga ham hissa qo‘shayotganini ko‘rib, sevinib ketaman. Ish faoliyatimda jismonan, aqlan dars o‘tish emas, ruhan ta'lim berish birinchi o‘rinda turadi. O‘quvchilarimga doim “Men uchun olim bo‘lishingiz emas, inson bo‘lishingiz muhim”, deya ta'kidlayman. Chunki insoniy fazilatlari yo‘q bo‘lgan olimning hech bir xalqqa keragi yo‘qdir. Markazimizda o‘qiyotgan har bolaning komil bo‘lib tarbiyalanishi asosiy maqsadimizdir. 

Britaniya maktablaridagi ta'lim jarayonini o‘rganish 

2010 yildan beri Buyuk Britaniyadagi ta'lim muassasalaridagi o‘qish jarayonini kuzatib kelaman. Ulardan o‘rgangan narsam - o‘quvchilarga nima qilish kerakligini aytish emas, balki nima qilish kerakligini o‘zlari o‘ylab ko‘rishi uchun imkon berish – ya'ni inlizcha so‘z bilan aytganda, self development tushunchasidir. Ular biron bir qaror qabul qilayotganda erkinlikni his etishi lozim. O‘quvchilarni biz kattalar xohlagan tomonga burish emas, balki kerakli yo‘lni o‘zi tanlashiga yordam berish va yo‘naltirish kerak. Britaniya maktablaridan o‘rgangan yana bir jihatim – bu o‘z-o‘ziga ishonish tuyg‘usi. Ya'ni har bir inson o‘z dunyosi, o‘z gavhariga ega.

Yaqin kelajakdagi maqsad va rejalar

Hozirda ikkita maqsadim bor. Birinchisi, O‘zbekistonda o‘qituvchilar va alohida ota-onalar bilan ishlash loyihasi. Ya'ni, har bir buyuk insonning ortida ota-onasi yoki ustozi turadi. Shuning uchun loyihamning boshlang‘ich qadami – o‘qituvchilar va ota-onalar uchun seminar, treninglar bo‘ladi.
Ikkinchi maqsadim – o‘z xususiy maktabimni ochish. Bu biron soha, masalan, sportga, tilga yoki aniq fanlarga ixtisoslashgan maktab emas. Balki bu maktab yoshlarning hayotidagi har qanday sharoitga qaramay, o‘quvchilar o‘zini baxtli his eta olishida xizmat etadi. Maktabda barcha o‘quvchilar bu hayotga kerakliklarini, har qanday vaziyatda ham (sog‘ yoki kasal vaqtda, boy yoki kambag‘al vaqtda ham) baxtli ekanliklarini his etishlari mumkin bo‘ladi. Mening maqsadim – maktabimda tahsil oladigan bolalarni nimadirga ixtisoslashtirish emas, balki ular aynan nimaga ixtisoslasha olishini o‘zlari tushunishiga yordam berish va yo‘naltirishdir. 

Maktabimda bolalarning nimaga qobiliyati borligini qidiramiz va ana shu sohaga yo‘llanma beramiz. 
Maktabning ajralib turuvchi yana bir jihati shunda bo‘ladiki, bu yerda farzandlari o‘qishini istagan onalar bolalari hali qornidaligidayoq maktabga kelib, o‘zlari ta'lim olishlari kerak bo‘ladi. Sababi, farzandlari maktab yoshiga yetgunga qadar ota-onalarning o‘zlari ham zarur bo‘lgan ta'limni olishlari muhimdir. Niyatim, bolalar dunyoga kelmasidanoq, ota-onalar bilan birga farzandlar tarbiyasiga hissa qo‘shishdir.

Blits-savollar
1. Kunni nimadan boshlaysiz? Stadionda yugurmasdan boshlay olmayman.
2. Omadlimisiz? Omadga emas, balki mehnatga ishonaman. Ham ruhan, ham jismonan sog‘lom odamlar omadlidir. 
3. Qanday insonlardan o‘zingizni olib qochasiz? Noliyveradigan, tez xafa bo‘ladigan, qisqasi - pessimistlardan.
4. O‘quvchilarga doim ta'kidlaydigan so‘zingiz? O‘zini o‘ylaydiganga - faqat o‘ziga yetadigani, xalqni o‘ylaganga - xalqqa yetadigani beriladi. 
5. Shioringiz: Ruhan sog‘lom bo‘lish.
6. Nimadan afsuslanasiz? Yoshligimda ko‘p vaqtimni zoye ketkazgan ekanman, ular o‘rnida kitob o‘qisam bo‘lar ekan.
7. Tadbirkor sifatida biznes haqidagi fikringiz: Inson faqat oyog‘i va qo‘lini emas, balki miyasini ham ishlatsa, yutuqlarga erishadi. Bundan tashqari, pulni faqat topishni emas, uni qanday ishlatishni ham bilish kerak.
8. Qaysi xorij davlatlarida bo‘lgansiz? Angliya, Fransiya, AQSh, Ispaniya, Italiya, Shotlandiya.
 

“Lily Education” o‘quv markazi
Manzil: Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasi, 144/1
Mo‘ljal: “Novza” metrosi
Telefon: +998 71 278 77 72
Sayt: Liledu.uz
Instagram: http://instagram.com/lily_education
Email: info@liledu.uz

Top