13:31 / 23.01.2017
5801

Suriya hukumati va muxolifat yaqin soatlarda bevosita muzokaralarni boshlaydi

Foto: AP

Suriya hukumati delegatsiyasi va muxolifat vakillari 23 yanvar kuni Ostonada bir davrada o‘tiradi va vositachi ishtirokida muzokaralarni boshlaydi. Bu haqda TASS agentligi muxbiri bilan muloqotda Suriya muxolifati va inqilobiy kuchlari milliy koalitsiyasi rahbari o‘rinbosari Abdul Hakim Bashar ma'lum qilgan. 

"Ha, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘ladi", - degan agentlik suhbatdoshi. Bunda muxolifat delegatsiyasi a'zosi vositachi kim ekaniga oydinlik kiritmagan. Uning aytishicha, bu Rossiya, Turkiya yoki BMT bo‘lishi ham mumkin. 

Muxolifat delegatsiyasining yana bir vakili Usoma Abu Zaydning jurnalistlarga ma'lum qilganidek, Suriya muxolifati muzokaralarda sulhga e'tibor qaratadi, hozircha, siyosiy yo‘l bilan inqirozga barham berish masalasini ko‘rib chiqmaydi. 

"Har qanday muzokaralarda, agar sulhga rioya qilinmas ekan, muammoni hal etish borasida gap ham bo‘lishi mumkin emas, - degan u. – O‘t ochishni to‘xtatish tartibi – muzokaralardagi muvaffaqiyatning bosh omilidir".

Usoma Abu Zaydning qayd etishicha, Suriya muxolifati Damashq yaqinidagi Barad vodiysida sulh masalasini kun tartibiga chiqaradi. Ularning fikricha, bu hududdagi sulhni Eron nazoratidagi "Hizbollah" jangarilari buzmoqda. 

"Bu shunchaki sulh tartibini buzish emas, balki hududni egallab olishga urinishdir", - degan Usoma Abu Zayd. 

"Biz bu ma'lumotni kafolat bergan mamlakatlarga taqdim etdik va ta'sir o‘tkazishni talab qildik", - deb qo‘shimcha qilgan muxolifat vakili. 

23-24 yanvar kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Suriya inqirozi bo‘yicha Suriya hukumati va muxolifati o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda, shuningdek, RF, Eron, Turkiya, AQSh va BMT bosh kotibining Suriyadagi maxsus vakili Staffan de Mistura ishtirok etmoqda. 

Top