09:48 / 24.01.2017
8852

Yaponiya iqtisodiyot vaziri Trampdan norozi

Foto: RIA

AQSh yangi prezidenti Donald Trampning rasmiy Tokio haqidagi tanqidiy fikrlari yetarlicha asosga ega emas, deb ma'lum qildi Yaponiya iqtisodiyot vaziri Xirosige Seko. Tramp bunday izohni Amerika avtomobillarining Yaponiyaga eksporti tufayli bildirgan.

Avvalroq Donald Tramp Amerika kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvda Yaponiya va Xitoyni adolatsiz tashqi savdo yuritishlari sabab tanqid qilgandi. U “Yaponiya AQShga ko‘p avtomobillar sotadi, biroq Amerika mashinalarining savdosiga to‘sqinlik qilmoqda, bu esa adolatsizlik”, deb ta'kidlab o‘tgan.

“Yaponiya Amerika avtomobillariga boj kiritmagan va ularga qarshi tahqirlovchi choralar qo‘llagani yo‘q”, - deya yaponiyalik vazirning so‘zlaridan iqtibos keltiradi NHK telekompaniyasi.

Vazir Seko Tramp “agarda qaysidir mamlakatlarda Amerika avtomobillariga boj kiritilgan bo‘lsa”, degan so‘zlari bilan o‘z fikrini boshlaganiga e'tibor qaratdi.

“Ayni damda Yaponiyada Amerika avtomobillariga hech qanday bojlar yo‘q. Umuman bu borada tahqirlovchi munosabatdan asar ham yo‘q”, - ta'kidlab o‘tdi Seko.

Shu bilan bir qatorda, Trampning fikrlari Yaponiya biznes-hamjamiyatida katta tashvishga sabab bo‘ldi. Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe yaqin vaqt ichida o‘z mahkamasi vazirlari bilan AQShga nisbatan tashqi savdo strategiyasini ishlab chiqishga va'da berdi.

Top