19:08 / 24.01.2017
94762

Ochiq xat: Aholini ayblamang, amaldorlar

Qashqadaryo viloyati hokimligi xodimi Ulug‘bek Avazov va Qashqadaryo viloyati energiya sotish departamanti mutaxassisi Shavkat Xolovlarga OChIQ XAT.

Hurmatli Ulug‘bek va Shavkatbek. Sizlarning “kun.uz” sayti muxbirining viloyatdagi elektr ta'minotidagi nuqsonlar haqida bergan savollariga 2017 yil 14 yanvar kuni bergan javoblaringizni o‘qib hayratdan yoqa ushladim. “Qashqadaryo viloyatining elektr ta'minotidan qarzi 460 milliard so‘mni tashkil etadi. Viloyatning elektr energiyasi bo‘yicha kunlik sarf-xarajati 3 milliard so‘mdan iborat. Shundan 1,3 milliardi aholi ehtiyojiga sarflanadi. Ammo aholi tomonidan qish mavsumida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning oshib ketishi sabab, bu qiymat yanada ko‘tariladi. Eng achinarlisi aholi o‘z qarzdorligini yopishni istamaydi,”- deb barcha aybni aholi zimmasiga yuklabsizlar.

Men Qashqadaryo xalqini oriyatli, mehnatkash insonlar, degan tasavvurda edim. Sizlarning javobingiz mening qashqadaryoliklar haqidagi tasavvurimni o‘zgartirib yubordi. Axir iste'mol qilgan elektr energiyasi uchun haq to‘lamaydigan xalqni nima deb atash mumkin?! Ammo aholini ayblashdan oldin sizlar ro‘kach qilgan raqamlarni mushohada qilib ko‘raylik. Viloyatning elektr ta'minotidan 460 milliard so‘mlik qarzi qanday yuzaga keldi?

Elektr energiyasi iste'molchilari va hududiy elektr tarmoqlari korxonalari o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar tartibi to‘g‘risida NIZOMning 10-moddasida: “Iste'molchilar iste'mol qilingan elektr energiyasi (quvvati) uchun to‘liq hisob-kitobni har oyda, elektr ta'minoti shartnomasiga muvofiq, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki iste'molchining o‘zi yozadigan to‘lov hujjatlari bo‘yicha amalga oshiradilar.

Iste'mol qilingan elektr energiyasi (quvvati) uchun to‘lov elektr ta'minoti shartnomasida belgilangan miqdorlarda va muddatlarda amalga oshirilmagan taqdirda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi iste'molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatadi”, - deyilgan. Hududiy elektr tarmog‘i korxonasi mutasaddilari Hukumat tomonidan qo‘yilgan ana shu talabni izchil bajarib borishganida, shu darajadagi qarzdorlik yuzaga kelarmidi?! Albatta, yo‘q! Shu nizomda to‘lov tartiblari aniq va mukammal belgilab berilgan. Bajarish shart bo‘lgan ko‘rsatmalar bajarilganida, 460 milliard so‘m qarz paydo bo‘larmidi? Albatta, yo‘q!

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev 2017 yil 14 yanvardagi yig‘ilishda: “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatida 67 ming kishi, jumladan, qo‘shtirnoq ichidagi «pul yig‘uvchi»lar mavjud bo‘lsa-da, nima sababdan ulkan debitor qarzdorlikning tagiga yetib bo‘lmaydi?”, degan savolni o‘rtaga tashladi.

Shavkatbek, Sizning javobingizda har bir xonadon uchun kuniga 2 kilovatt soatdan elektr energiyasi ajratilgani bayon qilingan. Aholi bu ma'lumotdan xabardor qilinganmi? Agar nazoratchi men bilan uchrashib: “Bir oyga xonadoningiz uchun 60 kv.soat elektr energiyasi ajratilgan. Bu me'yorni 10 kunda yoqsangiz, 20 kun chiroqsiz o‘tirasiz”, degan talabni qo‘ysa, shubhasiz men kuniga 2 kv. soatdan ortiq elektr energiyasini sarflamagan (tok bilan uyni isitmagan, ovqat pishirmagan, energiyani kam sarflaydigan lampochkalardan foydalangan bo‘lar edim). Ishonchim komilki, shaxsan bizlar ham, shahrisabzliklar ham shunday qilishgan bo‘lar edi. Buning uchun qarzdor mansabdordan qo‘rqmaydigan mard, boyvachchaning sarqitiga umid qilmaydigan pok nazoratchi va ishbilarmon, talabchan, odil rahbar kerak.

Hukumatning me'yoriy xujjatlarida o‘z muddatida to‘lanmagan kommunal to‘lovlarni sud orqali undirib olish kerakligi ko‘rsatilgan. 2016 yil davomida nechta qarzdordan necha so‘m qarz sud orqali undirib olindi? Sizlarning javoblaringizdan bu savolga javob topa olmadim. Qarzlarni sud orqali undirib olish uchun qarz tegishli huquqiy xujjatlar asosida rasmiylashtirilgan bo‘lmog‘i kerak. Qonun talabi asosida rasmiylashtirilmagan qarzni sud orqali undirib bo‘lmaydi. Qaysi sohada bo‘lmasin tartibsizlik bor ekan, uning tagida nopok manfaatdorlik yotadi. Hamma to‘lovlarni me'yoriy xujjatlarda belgilangan tartib asosida olib borsa, “pul undiruvchi”ga oylik maoshidan boshqa daromad kelmaydi. Elektr energiyasidan g‘ayriqonuniy foydalangan shaxslargina davlat hisobiga 500 000 so‘m to‘lash o‘rniga “pul undiruvchi” ga 100 000 so‘m to‘lab qutilishadi. Boshqa tartibbuzarlar ham 100 000 so‘m jarima to‘lash o‘rniga 20 000 so‘mni “pul undiruvchi”ning kaftiga bosish bilan qutiladi. Agar bu tartibbuzar hisoblagich bo‘yicha haq to‘laganida davlat g‘aznasiga 400 000 so‘m to‘lashi kerak edi.  Toma-toma ko‘l bo‘lur, deyiladi. “Elektr va gaz ta'minotida ishlovchilarning it yalog‘i oltindan bo‘lib ketgan”, degan mish-mishlar quloqqa chalinib turadi. Qayerdadir bir “tadbirkor”ning: “Gaz va elektr haqini qonuniy tartibda to‘laydigan bo‘lsam, foyda ko‘rmayman”, deganini eshitgan edim. Bu gapga unchalik ishonmay e'tibor bermagan ekanman, shu satrlarni yozayotganimda yodimga keldi.

Nonini yeyayotgan mutasaddi mansabdorga yuqoridagidek “qistir-qistir”lardan qism berib turgan bo‘lsa kerak-ki, ko‘zi jinoiy holatlarni ko‘rmay, qulog‘i eshitmay kelayotgandir.

Shavkatbek, energiya haqidan qarzi bo‘lmagan iste'molchining chirog‘i o‘chmaydimi, deyilgan savolga: “O‘chadi! Negaki, bunga yon-atrofdagi qarzdor qo‘shnilar, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanyotgan odamlar sabab, siz ham chiroqsiz qolasiz. Buning uchun mahalla oqsoqoli, mahalla faollari bilan qarzdor yoki hisoblagich o‘rnatmagan holda elektr energiyasidan foydalanyotgan xonadonlarni aylanib chiqib, ularga tushuntirish ishlari olib borishi kerak”, deb javob beribsiz. Xalqimizda: “bola yig‘lamasa ona ko‘krak tutmaydi”, degan naql bor. Buning uchun mahallaga biriktirilgan nazoratchi MFY raisiga uchrab, yordam so‘rashi yoki rahbariyat rasmiy so‘rovnoma chiqarishi kerak. Vakolatingiz bor ekan, tekshirib ko‘ring, birorta MFYga shunday so‘rov kelib tushganmikan. Mening shaxsiy fikrim, bunday so‘rovnoma kelib tushmagan. Mahallada tartib o‘rnatilsa, pul yig‘uvchining cho‘ntagi qappaymay qoladi. Tepaga ham uzata olmaydi.
Elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tanqisligi va sun'iy qarzdorliklardan ta'blari tirriq bo‘lib turgan aholini ayblamang, amaldorlar.

Abdurahim NAZAROV,
Andijon viloyati, Baliqchi tumani, Qumtepa MFY.

Top