01:04 / 25.01.2017
9098

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida 5ta bitimni imzoladi

Foto: MFA.uz

2017 yilning 23 yanvar kuni Afg‘onistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Kobul shahrida Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan uchrashdi. 

Prezident saroyi hududida bo‘lib muzokaralarda tomonlar ikki davlat o‘rtasida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va savdo, shuningdek, madaniyat sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.

Salohiddin Rabboniy O‘zbekiston bilan giyohvand moddalar, umumiy xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashdagi o‘zaro hamkorlik afg‘on tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta'kidlab o‘tdi.

Shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasi TIV rahbari afg‘on mahsulotlarining o‘zbek bozorlariga eksporti imkoniyatini kengaytirish lozimligini ta'kidlab, Toshkentga savdo va tranzit masalalari bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv imzolashni taklif qildi, deb xabar berdi “1TV” telekanali.

Kamilov O‘zbekiston Afg‘oniston bilan o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanini tasdiqladi. Bunda mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlab turish, umumiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, jumladan transport va energetika sohalarida, shuningdek madaniy va gumanitar aloqalarni kengaytirish alohida tilga olib o‘tilgan.

Uchrashuvda BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Hozirgi paytda Tashqi ishlar vazirlari Kengashida O‘zbekiston raislik qilayotgan Islom hamkorlik tashkiloti faoliyatiga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra tomonlar hamkorlik to‘g‘risidagi 5ta bitimni imzolashdi. Ular orasida - O‘zaro anglashuv to‘g‘risida vazirliklararo memorandumi, giyohvand moddalar tahdidi bilan kurash to‘g‘risida kelishuv, xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiya va transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida protokollar, shuningdek 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi bor.

Top