17:41 / 25.01.2017
11502

O‘zbekistonda 5,4 mingdan ziyod xotin-qizga amnistiya akti qo‘llanildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taqdimnomasiga muvofiq Oliy Majlis Senati tomonidan 2016 yil 12 oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta'minlashda ana shu jihatlarga alohida e'tibor qaratildi. 2017 yil 13 yanvar holatida amnistiya akti qirq mingga yaqin shaxsga nisbatan tatbiq etilgan.

Amnistiyaga oid qarorning qo‘llanilishida oshkoralik tamoyiliga to‘liq amal qilinishiga e'tibor qaratildi. Bunda jamoatchilik nazorati, xususan, deputatlar korpusining bevosita ishtirokini ta'minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rildi. Shu maqsadda senatorlar, deputatlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning mintaqaviy vakillari, Fuqarolik jamiyati institutlari xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzildi. Ular tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida 185 uchrashuv o‘tkazildi. 8,3 mingdan ziyod mahkum bilan suhbat qilindi. Amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar monitoring qilib borildi. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari, tashkilotlar, mehnat jamoalari, jazoni o‘tash joylari hamda mahallalarda qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish borasida ko‘plab targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Majlisda qayd etilganidek, amnistiya akti tatbiq etilgan shaxslardan 26 mingdan ziyodi jinoiy javobgarlikdan hamda jinoiy jazodan ozod qilingan. Jumladan, amnistiya 5,4 mingdan ziyod xotin-qizga, 893 voyaga yetmaganga, 410 nafar chet davlatlar fuqarosiga nisbatan qo‘llanilgan.
Qarorning 2-bandiga muvofiq ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan, shuningdek, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan 15 mingdan ziyod shaxs jazodan ozod qilingan. 13,5 mingga yaqin shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati qarorning 6-bandiga muvofiq qisqartirilgan.

Top