16:26 / 27.01.2017
24180

AQSh tomonda nima gaplar: Tramp prezidentligining ilk haftasi taassurotlari

Meksika o‘rtasida barpo etilajak devor, sog‘liqni saqlash to‘g‘risidagi qonunning bekor qilinishi va immigratsiyani cheklash hamda boshqa xabarlar xususida batafsil. 

Donald Tramp Oq uyning Oval xonasida

Donald Tramp 2017 yil 20 yanvarida AQSh prezidenti lavozimiga kirishdi. Vakolatlarini bajarayotganiga bir hafta bo‘lishiga qaramay, shov-shuvli bayonot va ko‘rsatmalar berishga ulgurdi. Uning barcha tashabbuslari u yoki bu ma'noda saylovoldi kampaniyasi chog‘ida berilgan va'dalar bilan bog‘liq va Barak Obamaning siyosatini keskin o‘zgartirib yubordi. 

Hozircha, Tramp o‘zining barcha g‘oyalarini amalga oshira oladimi-yo‘qmi, biron narsa deyish qiyin. Masalan, Meksika prezidenti umumiy chegarada devor qurish bo‘yicha turli qarashlar sababli u bilan uchrashuvini bekor qildi. TJournal Trampning olti kunlik davlat rahbari lavozimidagi faoliyatiga ko‘z yugurtirgan. 

Donald Tramp Meksika bilan devor qurish haqidagi saylovoldi bayonotlari quruq gap emasligini amalda isbotlashga kirishdi. 25 yanvarda prezident o‘zining balandparvoz va'dasiga muvofiq, janubiy chegaralardagi migratsiya inqiroziga barham berish maqsadida devor qurishga doir qarorini imzoladi. 

Bundan bir kunlar avval, Tramp ABC telekompaniyasiga bergan intervyusida, qurilish ishlari «bir necha oylardan so‘ng» boshlanishi mumkinligini qayd etdi. Davlat rahbari bu borada aniq sanani aytmagan bo‘lsa-da, keyinroq zudlik bilan boshlanishiga ishora qildi. 

Ta'kidlash joizki, Trampning ushbu rejasini amalga oshirish pulga borib taqaladi. AQSh rahbari barcha xarajatlarni Meksikadan undirib olishni xohlamoqda. Qo‘shni davlat rahbariyati esa, bir necha marotaba rad javobini bergani ma'lum. 

Trampning hisob-kitoblariga ko‘ra, 3 ming kmlik devor kamida 12 mlrd dollarga aylanadi. Mutaxassislar esa, inshootning haqiqiy bahosi 15-25 mlrd dollarni tashkil etishini aytishmoqda. Donald Tramp loyihani amalga oshirish uchun moliyaviy manbani hal qilishi talab etiladi. Shu bilan birga, Kongress ham shu rejani qo‘shimcha moliyalashtirishni tasdiqlashi kerak bo‘ladi. 

Trampning ilk farmonlaridan yana biri bu sog‘liqni saqlashga doir Obama qonunini bosqichma-bosqich bekor qilish bo‘ldi. Obamaning tashrif qog‘ozi va ko‘plab ziddiyatli qarashlarga sabab bo‘lgan «Affordable Care Act» dasturini bekor qilishni mamlakat Senati ham qo‘llab-quvvatladi. 

Ko‘proq, Obamacare nomi bilan tanilgan islohot daromadidan qat'iy nazar har bir amerikalik uchun tibbiy sug‘urtani joriy qilishni ko‘zda tutar edi. Natijada, Obama raqiblarining so‘zlariga ko‘ra, qonun sug‘urta qiymatining oshishi va korrupsiya avj olishiga olib keldi. 

Donald Tramp hindular yerlari orqali neft quvurlarini barpo qilish borasida ham jiddiy to‘xtamga kelganini yaqqol namoyon etmoqda. Oq uy rahbari ko‘p sonli ekologiya faollari va hindular aholisining noroziligiga qaramay, Shimoliy Dakotadagi Keystone XL va Dakota Access Pipeline neft quvurlarini qurish ishlarini qayta boshladi.
 
Dakota Access quvurini qurish 2016 yil dekabridan, Keystone XL qurilishi esa, 2015 yil dekabridan muzlatilgan edi. Tramp ekologiyaga salbiy ta'sirini qayta ekspertizadan o‘tkazish jarayonini tezlashtirishga ko‘rsatma berdi. Trampning ko‘rsatmasidan so‘ng, ekologlar ham namoyishlarni qayta boshlashdi. Ularning fikricha, Missuri daryosi yaqinida istiqomat qiluvchi aholi ichimlik suvidan foydalanish imkonini yo‘qotadi, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashadi. 

Greenpeace faollari «Qarshilik ko‘rsat» plakatini Oq uy ortidagi ko‘tarma kranga osib qo‘yishdi

Shu o‘rinda, Tramp prezidentligining ilk haftasi noqonuniy muhojirlikka qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan yangi qoidalar qabul qilingani bilan ham yodda qoladi. Yangi farmonga ko‘ra, har qanday hujjatsiz fuqaro ushlab olinsa, deportatsiya qilinishi mumkin. Uni qo‘yib yuborishmaydi. Prezident, shuningdek, AQSh janubidagi qoidabuzarlarni vaqtincha saqlash markazlarini kengaytirishni ham yoddan chiqarmadi.

Bundan tashqari, noqonuniy muhojir boshpana berish so‘ralgan ariza nusxasi ko‘rsatgan taqdirda ham deportatsiya qilinadi. AQShdan chiqarib yuborilgan noqonuniy muhojirlarni qabul qilishdan bosh tortgan mamlakat fuqarolariga esa vizalar berish rad etilishi ehtimoli kuchayadi. 

Trampning hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi qonun tufayli AQShdan 11 mlnga yaqin noqonuniy muhojirni chiqarib yuborishlari mumkin. Shu bilan birga, 7 ta musulmon mamlakati fuqarolariga viza berish bo‘yicha bir oylik taqiq mavjudligini Oq uy ma'muriyati rad etdi.

Tramp xorijda abortlarni amalga oshirishda yordam beruvchi yoki buni targ‘ib qiluvchi xorijiy tashkilotlarni davlat tomonidan moliyalashni taqiqlashni bekor qilgan Obama qarorini kuchdan qoldirdi. Endilikda, homilani yo‘qotishga targ‘ib qiluvchi tashkilotlarni Amerika hukumati moliyaviy qo‘llab-quvvatlamaydi. Aslida, AQShdagi ahvol o‘zgargani yo‘q. Bu mamlakatda abortga qonunan ruxsat berilgan. Taqiq qashshoq mamlakatlarda ishlayotgan ko‘ngillilarning federal grantlarni abort qilishda qo‘llashiga qarshi joriy etiladi. 

Trampning 6 kunlik faoliyatidagi yana bir shov-shuvli farmoni bu AQShning TTH (Transtinchokeani hamkorligi) kelishuvidan chiqishi to‘g‘risidagi hujjat bo‘ldi. Mazkur savdo kelishuvi 12 davlatni o‘z ichiga olgan, jahon iqtisodiyotining 40 foizi, savdo aylanmasining 2/3 hajmi ularning hissasiga to‘g‘ri kelar edi. 

Trampning fikricha, TTH AQSh mahsulotlarini eksport qilishga halaqit berib, mamlakat iqtisodiyotiga katta xavf solgan. Buning o‘rniga, ikki tomonlama kelishuvlar bilan cheklanish kifoya qiladi. Hozircha, Trampning Qo‘shma Shtatlarda yangi ish o‘rinlari barpo qilish bo‘yicha o‘ylari amalga oshishi noma'lum bo‘lsa-da, hamkorlikka Xitoyning qo‘shilishi aniq bo‘lib turibdi. 

Top