10:04 / 27.01.2017
23063

Hindistonlik shifokor 500 kg vaznli og‘ir bemorni bepul davolash uchun Misrga tashrif buyurdi 

Mumbaylik shifokor va uning jamoasi misrlik ayolning salomatligiga bog‘liq ko‘plab muammolarni bartaraf etish maqsadida dunyodagi eng murakkab operatsiyani o‘tkazishga qaror qildi. 

Hindistonlik laparoskopik jarroh Mufazzal Lakdavala o‘tgan haftada Iskandariyada yashovchi 36 yoshli Eman Ahmadning uyiga tashrif buyurdi.

"Men uning oilasi Eman haqida qanchalik qayg‘urayotganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Bu esa uni qo‘llab-quvvatlash uchun juda ham zarurdir", - deydi bariatik va oshqozon-ichak onkologiyasi jarrohligiga ixtisoslashgan shifokor.

Emanning singlisi Shayma opasining ahvoli yomonlashgani tufayli shifokor Lakdavala bilan o‘tgan yilning  oktabr oyida bog‘langan. Shayma hindistonlik shifokor singlisiga bepul yordam berishni taklif qilganida qattiq ta'sirlanganini aytib o‘tdi. Sababi, uning oilasini bunday qimmat operatsiya uchun imkoniyati yo‘q edi. 

Eman 25 yildan beri o‘z uyidan chiqa olmaydi. Shifokor so‘zlariga ko‘ra, mazkur ish juda murakkab bo‘lib, Eman oyoqqa turishi uchun uzoq yo‘lni bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. U endokrinolog, kardiolog, terapevt, diyetolog, anesteziolog, nevropatolog va nefrolog kabi shifokorlar ko‘rigidan o‘tishi zarur va qo‘yilgan har bir tashhis uning davolanishiga asos bo‘lishi mumkin. 

"Eman juda og‘ir bemor sanaladi. U allaqachon o‘ng qo‘li va oyog‘i falaj bo‘lib qolishi natijasida insultni boshdan o‘tkazgan. 2 toifali diabet, gipertoniya, og‘ir obstruktiv o‘pka kasalliklariga ega", - deydi Lakdavala. 

Shifokor Emanga yordam berish uchun mablag‘ to‘plash maqsadida maxsus kampaniyani boshladi. Ma'lum bo‘lishicha, uning havo va yer transporti hamda dorilardan iborat tibbiy davolash usuli qariyb 5 million rupiy atrofida. 

Ayni damda Charn-rouddagi Saifee shifoxonasi qoshida operatsion va intensiv terapiyalar bo‘limini o‘z ichiga olgan personalga xizmat qiluvchi bir yotoqli kasalxona qurilmoqda. Bu qurilish Emanni qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshirilmoqda. 

Emanni yuk tashish samolyotida shifoxonaga olib kelish ko‘zda tutilgan. 

Shifokor Lakdavala Mumbaydagi semizlikka qarshi kurashish va oshqozon jarrohligi markazining asoschisi hisoblanadi.  Shuningdek, Mumbaydagi Saifee va Dubaydagi MEDEOR shifoxonasi, Jarrohlik fanlari instituti va tadqiqot markazining raisi sanaladi. 

Top