Koreya respublikasi prezidenti Pak Kin Xe o'ziga nisbatan ilgari surilayotgan korrupsiya ayblovini rad etar ekan, uni "bema`nilik" va "ulkan tuhmat" deb atadi. U "Chon Gyu Chje TV" internet-kanaliga bergan intervyusida shunday bayonot berdi. Pak Kin Xe o'zi va yaqin dugonasi Chxve Sun Sil bilan bog'liq mojaroni "avvaldan tayyorlangan fitna", deb baholadi.

"Hozirgi vaziyat ko'plab bo'htonlar tufayli yuzaga keldi, bu kishini tushkunlikka tushiradi... Menga nisbatan ayblovlar nafaqat bema`ni, balki – ulkan tuhmatdir", - deb ta`kidlagan Pak Kin Xe, bu o'zi yo'l qo'ygan ayrim xatolar tufayli vujudga kelganini tan olgan. 

Prezident dugonasi Chxve Sun Sil bilan til biriktirgan holda yirik korporatsiyalardan pul undirganlikda gumon qilinmoqda. Bundan tashqari, u dugonasining davlat ishlariga aralashishiga izn bergan. Shu munosabat bilan, 2016 yilning 9 dekabrida Koreya parlamenti Pak Kin Xe ishonchsizlik bildirish bo'yicha qaror qilgan edi. 

Pak Kin Xe, boshlovchining Chxve Sun Sil davlat mulozimlarini tayinlashda naqadar aralashganiga doir savoliga ham oydinlik kiritib, o'zining "har qanday taklifga ochiq" bo'lgani, ammo, har bir nomzod jiddiy tekshiruvdan ham o'tkazilganini ta`kidlagan. 

Prezident, shuningdek, hokimiyatni tanqid qilgan san`at arboblarining qora ro'yxati masalasiga ham to'xtalib, uning mavjudligidan xabari bo'lmaganini aytgan. 

Janubiy Koreya muxolifati esa, ayni suhbat sabab Pak Kin Xeni "matbuotdan sharmandalarcha foydalanish"da aybladi. Xususan, Koreya Demokratik partiyasi  "Toburo" vakili Pak Kyon Mining aytishicha, Pak Kin Xe "qasddan konservativ kayfiyatdagi jurnalistni chaqirib, faqat o'zining aybsizligi xususida gapirgan". 

"U o'zining yolg'onlari bilan dastlab davlat tizimini ishdan chiqardi, endi ikkiyuzlamachilik qilib, aybsizligini ta`kidlamoqda. Pak Kin Xening xulqini izohlash uchun so'z ham topish mushkul", - degan Pak Kyon Mi.