12:18 / 27.01.2017
8152

Olimlar inson terisini bosuvchi 3D-printer yaratishdi

Ispaniyalik olimlar inson terisi bilan bir xil bo‘lgan terini bosuvchi bioprinter yaratishdi, deb xabar bermoqda Science News Journal nashri.

Karlos III Madrid universiteti, Energetika, atrof muhit va texnologiyalar sohasidagi tadqiqotlar markazi hamda Madrid universiteti Gregorio Maranon shifoxonasi olimlari guruhi biologik materiallar qo‘llab bosuvchi 3D-printer yaratishdi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, olingan teri to‘liq funksionaldir hamda uni tibbiyot va transplantologiyada, maishiy kimyo va pardoz-andoz mahsulotlarini sinovdan o‘tkazishda ishlatish mumkin. 

Teri "biosiyoh"lar yordamida yaratiladi. Olimlardan biri Xuan Fransisko del Kanisoning aytishicha, teri qatlamma-qatlam, insonning haqiqiy terisi qurilishini takrorlagan holda bosiladi.

"Bosilgan" teri insonniki kabi epidermis va dermadan tashkil topadi, biologik faol va unga elastiklik beruvchi kollagen ishlab chiqaradi. Olimlarning ta'kidlashicha, agar bosish uchun biror odamning biomateriali qo‘llansa, unda qisqa vaqt ichida  transplantatsiya (misol uchun, kuyishda) uchun yaroqli terini yaratish mumkin.

Ishlanmani yaratishda ishtirok etgan BioDan Group firmasi ushbu printerni savdoga chiqarmoqchi. Kompaniyada ta'kidlanishicha, terini bosish texnologiyasining asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat: teri tez bosiladi va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish imkoniyati mavjud.

Mavzuga oid
Top