00:34 / 28.01.2017
28392

Xorazmda Vetnam texnologiyasida yirik baliqchilik fermasi tashkil etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. O‘zA agentligi xabar berishicha, Prezidentimiz viloyatga tashrifi doirasida Xiva tumanidagi “Boltaboy oqsoqol” fermer xo‘jaligida tashkil etiladigan baliqchilik kompleksi loyihasi bilan tanishdi. 

Hozir mazkur xo‘jalikda 232 gektar havzada baliq yetishtirilmoqda. O‘tgan yili 490 tonna baliq yetkazib berilgan. 

Fermer xo‘jaligida Vetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirish va uni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu texnologiya uvildiriqlarni intensiv usulda yetishtirish va havzalarga yuqori tig‘izlikda o‘tkazishga ixtisoslashgan. Bunday usul baliqlarning omuxta yem sarfiga nisbatan rivojlanish sur'ati yuqoriligi, salbiy gidrokimyoviy holatlar va kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Odatda bir gektarlik havzadan o‘rtacha 15-20 sentner baliq olinadi. Vetnam texnologiyasi samarasida bu ko‘rsatkich 400 sentnergacha yetadi. 

Ushbu istiqbolli loyihaga "Ipoteka-bank" kredit ajratgan. Korxonada yiliga 300 tonnadan ortiq mahsulot tayyorlash, 20 ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. 

Davlatimiz rahbari, shuningdek, “Xiva naslli parranda” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan parrandachilik markazi loyihasi bilan tanishdi. 

"O‘zsanoatqurilishbank" mablag‘lari yo‘naltirilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 11 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonada Italiya va Xitoy uskunalari asosida yiliga 51 million dona tuxum, 1 million 40 ming dona jo‘ja yetishtirish mo‘ljallanmoqda. Bu har bir xonadonga 100 tadan jo‘ja tarqatish, aholi farovonligini oshirish imkonini beradi. Korxonada 50 ish o‘rni yaratiladi. 

Xalqimiz yetti xazinaning biri deb biladigan parrandachilik va baliqchilik bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi, bu tarmoqlar aholini go‘sht va tuxum bilan ta'minlash, oilalarga daromad manbai yaratishda muhim o‘rin tutishi ta'kidlandi. Agrofirmalar tashkil etish orqali bu mahsulotlarni eksport qilish ham mumkin. 

Prezidentimiz Xiva tumani Chodra qishlog‘ida Xursand Madrimov va Ollabergan Rahimov xonadonlariga kirib, ularning turmush sharoiti, daromadlari bilan qiziqdi. Tomorqadan samarali foydalanish, limon, yong‘oq, anor, anjir kabi serdaromad ekinlar ekish zarurligi haqida so‘z bordi. 

Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

Top