10:30 / 29.01.2017
7039

AQShga kelganlarga vaqtinchalik mamlakatda qolishga ruxsat berildi

AQShga amal qiluvchi vizalar bilan kelganlar prezident Donald Trampning migratsiya farmoniga qaramasdan, mamlakatda vaqtinchalik qolishga sud ruxsatini oldilar. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.  

27 yanvarda AQSh prezidenti Donald Tramp AQShga 120 kunga qochqinlarni qabul qilishni to‘xtatuvchi, Suriyadan kelgan qochqinlarni noma'lum muddatga joylashtirishni taqiqlovchi, AQShga kirishning ba'zi qoidalarini qat'iylashtiruvchi hamda bir nechta musulmon davlatlari fuqarolarining AQShga 90 kunga kirishini to‘xtatuvchi farmonni imzoladi. Farmonda ko‘rsatilishicha, gap Iroq, Eron, Suriya, Sudan, Yaman, Liviya va Somali fuqarolarining AQShga kirishining vaqtinchalik taqiqlanishi haqida ketmoqda.

AQShning fuqarolik erkinliklari ittifoqi ma'lumotlariga ko‘ra, sud qarori AQSh aeroportlarida va tranzit hududlarida ushlangan 100 dan 200 gacha odamga taalluqli bo‘ladi. AQSh ichki xavfsizlik vazirligi vakilining ma'lum qilishicha, farmon kuchga kirgandan keyingi 23 soat ichida 109 sayyohga mamlakatga kirish taqiqlangan. 

Sudya Enn Donelli ittifoq huquqshunoslari AQSh aeroportlarida ushlangan yuqoridagi 7 ta davlat fuqarolari nomidan arznoma berishgandan keyin tegishli ko‘rsatmani chiqardi. "Assoshieyted Press" axborot agentligining ma'lum qilishicha, butun mamlakat bo‘ylab amal qiluvchi ushbu sud qarori AQSh hukumatiga prezidentning yangi farmoni ta'siri ostiga tushuvchilarni AQShdan deportatsiya qilishni vaqtinchalik taqiqlaydi. Bu qaror, shuningdek, qochqin maqomi berilishiga ruxsat olgan barchaning huquqlarini himoya qiladi.

Top