11:20 / 30.01.2017
14930

Amerika uxlashda davom etmoqda: Pekin AQSh bozorini egallash bo‘yicha ishlarini to‘xtatmayapti

AQShdagi yirik qurilish va texnologiya loyihalari so‘nggi paytlarda Xitoy kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu haqda kongressdagi Vilson Markazi rasmiy saytida taqdim etilgan ilmiy tadqiqotda aytiladi. Hisobot muallifiga ko‘ra, bunday vaziyat Pekin innovatsiyalarni doimiy kuzatishi, yangi texnologiyalar ishlab chiqib, ularni dunyo bo‘ylab keng tarqatishi oqibatida yuzaga keldi. AQSh esa faqatgina sanoat rivojlanishi haqida so‘z yuritadi.

“Biz Xitoy dunyosida yashashni istaymizmi?” (Do We Want to Live in China's World?) hisoboti muallifi Robert Delining aniqlik kiritishicha, 2016 yilda amerikaliklar har kunlik hayoti tubdan o‘zgargan: savdo markazlarida elektronika va kiyim-kechak bo‘lgan Xitoy do‘konlari paydo bo‘ldi, shuningdek XXR yetakchi kompaniyalari tomonidan ko‘plab binolar qurilishi loyihasi qabul qilindi.

“AQShning Xitoy bilan munosabatlari 1979 yilda, mamlakatlar o‘rtasida diplomatik aloqalarga asos solingach, yo‘lga qo‘yildi. O‘shanda AQSh Xitoyga texnologiyalar va mafkura jihatidan katta ta'sir ko‘rsatgan. Biroq hozir vaziyat o‘zgardi. Xitoy 2016 yilning iyunida dunyodagi eng tez superkompyuterni yaratdi (avvalgisi ham bu mamlakatda ishlab chiqilgan bo‘lib, hozir undan AQShda foydalanishadi); Xitoy 2016 yilning iyulida dunyodagi eng yirik radioteleskop ishlab chiqishni yakunladi; avgustda esa – orbitaga dunyodagi birinchi kvant yo‘ldoshini uchirdi”, - deya ta'kidlab o‘tgan Deli o‘z tadqiqotida.

Muallif Xitoy texnologik yutuqlari hamda Amerikaning quruq va'dabozligini o‘zaro taqqoslagan. AQSh o‘z loyihalariga faqatgina Nobel mukofoti sabab yirik mablag‘lar kiritadi.

“Xitoyda 2016 yilda tezyurar temir yo‘l tarmog‘i qurildi, shuningdek Shanxaydagi Pudun tumani va Shenychjen shahri yangilandi – bu yerda guruch maydonlaridan ikkita katta aholi punkti vujudga keldi. AQSh esa bu vaqtda milliardlab dollarni faqatgina Nobel mukofotini olish uchun sarflamoqda. Xitoy dunyodagi texnologik yechimlar talabiga yaxshi taklif yaratmoqda”, - deyiladi ishda.

Shu bilan bir qatorda, Pekin AQShga turli tijoriy loyihalarni faol ravishda kiritadi, mamlakatning Meizu va Xiaomi smartfonlari esa amerikaliklar mehrini qozonishga ulgurdi.

“Xitoy o‘z muvaffaqiyatlarini boshqa davlatlar bilan baham ko‘rishga harakat qiladi. Hozir ularda Hindiston, Rossiya bilan munosabatlar yaxshi, hattoki Yevropada ham Xitoy texnikasi katta talabga ega bo‘lmoqda. Mamlakat Qo‘shma Shtatlarga Meizu va Xiaomi telefonlarini “Alibaba” kabi mashhur internet-do‘konlar orqali faol ravishda sotmoqda. U shuningdek Holivvud filmlarini xitoy tiliga o‘girish uchun ham juda katta pullarni investitsiya qilmoqda. Xitoy bilan hamkorlik – bu juda ham katta kelishuv”, - deb fikr bildirdi ekspert.

Xitoyning qarorgohi Nyu-Jyersida joylashgan China Construction America (CCA) yirik kompaniyasi 1985 yilda tashkil etilgan. Tashkilot o‘tgan vaqt davomida AQShda 400ta loyihani amalga oshirdi.

Eng yirik buyurtmalar orasida – Nyu-Yorkning Bronks tumandagi asosiy transport “tomiri” bo‘lgan Aleksandr Gamilton ko‘prigini kengaytirish ham bor (2014 yilda). Shartnoma qiymati 407 million dollarni tashkil etgan. Ish belgilangan muddat yakuniga 35 kun qolganida tugatildi.

Kompaniya 2010 yilda Nyu-Yorkning Manxetten tumanida River House nomi ostidagi turar-joy majmuasini qurdi. 32 qavatli binoda spa-markaz, fitnes-klub va ko‘p darajali yer osti avtomobil qo‘yish joylari bor. Majmuada maydoni 650 kvadrat metr bo‘lgan 250ta xonadon joylashgan.

Xitoylik pudratchi shuningdek Bahama va Havayida mehmonxonalar qurmoqda. Ular obektlari ro‘yxatida – Nyu-Jyersi, Nyu-York, Massachusets va Kolumbiya okrugidagi bir qator restoranlar, stadionlar, zavodlar hamda turar-joy uylari bor.

Xitoy AQShni avtomobilsozlik sohasida ham ortda qoldirish harakatida. Amerikaning Faraday Future kompaniyasi yanvarda mamlakatda ishlab chiqilgan yana bir mashina – Tesla’ga raqobatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan elektromobil kontsept-karini taqdim etdi. Mashina prototipi Tesla’ning boshqa barcha modellaridan kuchliroq bo‘lgan batareyalar bilan jihozlangan.

Avvalroq Forbes nashri Faraday Future kompaniyasiga xitoylik milliarder Tszya Yuetin egalik qilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatgandi.

Top