14:57 / 30.01.2017
12132

Tramp buyrug‘i bilan amalga oshirilgan harbiy amaliyotda birinchi Amerika askari halok bo‘ldi

Yaman mojarosi davomida ilk marotaba amerikalik harbiy-dengiz piyoda qo‘shini xizmatchisi halok bo‘ldi. Bu haqda The New York Times nashri xabar qilmoqda.

Yamanning markaziy qismidagi «Al Qoida» jangarilar tayyorlash lageriga uyushtirilgan amaliyot Donald Trampning terrorchilikka qarshi kurash amaliyoti bo‘yicha bergan birinchi buyrug‘i asosida o‘tkazilgan edi. Hujum SEAL Team 6 bo‘linmasi askarlari tomonidan oysiz, qorong‘u kechada o‘tkazilgan. 

Buning oqibatida 14 nafar jangari o‘ldirilgan, ularning orasida yamanlik jangarilarning sobiq yetakchisi Anvar al Aulyakiyning ukasi ham bor. Amerikaliklar safida bir kishi halok bo‘lgan, 3 kishi yaralangan. Dastlab, tinch aholi orasida qurbonlar yo‘qligi xabar qilingan bo‘lsa-da, keyinroq, harbiylar ayollar va bolalarning qurbon bo‘lganiga doir ma'lumotlarni tekshirishini ta'kidlashdi. 

Nashrning yozishicha, «Al Qoida»ning Yamandagi qanotiga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazish bir necha oydan buyon muhokama qilinayotgan bo‘lgan. Biroq, Obama ma'muriyati mamlakatning qoq markazida joylashgan lagerga hujum qilishga ruxsat bera olmadi. Chunki, lager mamlakat ichkarisida joylashgani sabab, amerikalik harbiylar hayoti xavf ostida qolar edi. Butun dunyoda terrorchilarga qarshi kurashishga va'da bergan Donald Tramp esa, vazifasiga kirishishi bilan ushbu amaliyotga ruxsat berdi. 

Mavzuga oid
Top