18:04 / 31.01.2017
11611

«Nasaf» OChL saralashidagi birinchi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozondi

Osiyo Chempionlar Ligasi–2017 turniri o‘tish bosqichida Qarshining «Nasaf» jamoasi Bahraynning «Al-Hidd» klubiga qarshi bahs olib bordi. Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida kechgan bahs qarshiliklar jamoasining 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yinni faol boshlagan «Nasaf» a'zolari 16-daqiqada hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Standart vaziyatdan Akmal Shorahmedovning uzatmasidan keyin Shahboz Erkinov boshi bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi.

10 daqiqada «Nasaf» hisobni oshirdi. Ikkinchi gol ham birinchisi kabi standart vaziyatdan va Akmal Shorahmedov uzatmasidan keyin kiritildi. Bu safar gol muallifi Igor Golban bo‘ldi – 2:0.

Uchrashuvning 76-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Doniyor Narzullayev hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. O‘yin yakunida Dragan Cheran «Nasaf»ning yirik g‘alabasiga hissa qo‘shdi.

Mazkur g‘alabadan so‘ng «Nasaf» futbolchilari OChL–2017 pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Navbatdagi bosqichda, 7 fevral kuni Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari guruh bosqichi yo‘llanmasi uchun safarda Saudiya Arabistonining «Al-Fotih» klubi bilan kuch sinashadi. O‘sha uchrashuvdagi g‘alaba jamoani Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga olib chiqadi.

OChL–2017 o‘tish bosqichi

«Nasaf» (Qarshi) – «Al-Hidd» (Bahrayn) — 4:0

Gollar: Shahboz Erkinov (16), Igor Golban (26), Doniyor Narzullayev (76), Dragan Cheran (90).

«Nasaf»: 35. Sanjar Quvvatov, 2. Akmal Shorahmedov, 6. Aziz G‘aniyev, 15. Shahboz Erkinov (Bobir Abduxoliqov, 78), 18. Bahrom Abdurahimov, 20. Islom Kenjaboyev (Doniyor Narzullayev, 68), 22. Igor Golban, 23. Sherzod A'zamov, 33. Odiljon Hamrobekov (Dilshod Rahmatullayev, 85), 34. Farrux Sayfiyev, 69. Dragan Cheran.

«Al-Hidd»: 1. Abbos Ahmad, 2. Abdulla Fatadi (Ahmad Alxattal, 55), 6. Uche Agba, 7. Muhammad Al-Dovud, 10. Akarandut Orok, 15. Ibrohim Al-Obaydli, 16. Said Muhammad Adnan, 17. Ifedayo Olusegun, 18. Isa Musabbeh, 23. Rashid Al-Huti, 24. Ahmad Bug‘ammar.
Ogohlantirish: Ahmad Bug‘ammar (49).

Top