21:00 / 31.01.2017
6391

Toshkentdagi Mirobod tumanida bolalar-o‘smirlar sport maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Foto:uza.uz

Toshkentning Mirobod tumanida Sport o‘yinlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Zamonaviy inshootda  sport zali va futbol maydoni, yuvinish, kiyim almashtirish xonalari mavjud. Maktab jahon andozalariga javob beradigan sport jihozlari bilan ta'minlandi. 

Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari bosh boshqarmasi tasarrufidagi Sport o‘yinlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida qator sport turlari bilan 750 dan ortiq  sportchi muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning 65 nafari O‘zbekiston terma jamoalari a'zolaridir. Sport maktabi tarbiyalanuvchilari mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda yuqori natijalarga erishib kelmoqda. 2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XV Paralimpiya o‘yinlarida Aleksandr Svechnikov va Sofiya Burhonovaning yuqori natijaga erishgani buning dalilidir.

Mirobod tumanida qad rostlagan yangi inshootda sportning beshta turi bo‘yicha sportchilarning mashg‘ulotlarini tashkil etish, shuningdek, turli darajadagi sport musobaqalarini o‘tkazish mumkin.

Tadbirda badiiy gimnastika, akrobatika, o‘zbek jang san'ati singari qator sport turlari bo‘yicha yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. 

Top