11:50 / 31.01.2017
7436

Jonson Trampning muhojirlar bo‘yicha siyosatiga munosabat bildirdi

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson AQSh prezidenti Donald Trampning 7 mamlakat fuqarolari o‘z mamlakatiga kirishini taqiqlovchi farmonini imzolash orqali ko‘pchilikda tashvish uyg‘otgani haqida gapirdi.

Sky News xabariga ko‘ra, britaniyalik vazir Trampning migratsion siyosatini «favqulodda bahsli» deb atagan.

Shu bilan birgalikda u Qo‘shma shtatlar tomonidan qo‘llangan choralar Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega kishilarga taalluqli bo‘lmasligi va ular bu davlatga tashrifida muammoga duch kelmasligini qayd etib o‘tgan.

Donald Tramp 27 yanvar kuni AQShga qochoqlarning kirishini cheklash to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Farmonga muvofiq, barcha qochoqlarni qabul qilish to‘rt oyga to‘xtatiladi. Bundan tashqari, farmon Iroq, Suriya, Eron, Sudan, Liviya, Somali va Yamanning hatto AQSh vizasiga ega fuqarolariga mamlakatga kirishni uch oyga taqiqlaydi. Cheklov «grin-karta» egalariga — ya'ni, AQShda rasman yashash va ishlash uchun guvohnomaga egalarga ham taalluqli. Endi «grin-karta»ning mavjudligi nomlari sanab o‘tilgan mamlakatlardan kelganlarning AQSh hududiga kiritilishiga asos bo‘la olmaydi. Tramp mazkur farmon terrorchilikka qarshi kurash uchun zarurligini ta'kidlagan.

Odatdagi amaliyotdan farqli ravishda, bu hujjat Adliya vazirligi mutaxassislari ishtirokisiz tayyorlangan — vazirlik vakillari odatda ijro hokimiyati uchun farmon va qonunlar ijrosi bo‘yicha yo‘riqnoma tayyorlab berardi. Bundan tashqari, chegara xizmatiga mas'ul hisoblangan vazirlik ham farmon matni bilan faqat hujjat imzolanayotgan kunda tanishishga muvaffaq bo‘lgan.

Chegara xizmati cheklov aynan qaysi mamlakatlarning fuqarolariga daxl qilishini dastlab bilmagan. Hujjatda mamlakatlarning nomi ko‘rsatilmagan: u Obama ma'muriyatining vizasiz kirishni cheklash to‘g‘risidagi nizomi bilan tasdiqlangan mamlakatlar ro‘yxatiga havola beradi (mazkur nizomga muvofiq, nomlari ko‘rsatilgan mamlakatlarda bo‘lgan xorijliklar ham AQShga vizasiz kira olmaydi).

Dastlab vazirlik xodimlari farmon «grin-karta»si borlarga ta'sir qilmaydi, degan fikrga kelgan; bu haqdagi tegishli ma'lumotnomalar aeroportlarga yo‘llangan. Biroq ko‘p o‘tmay Oq uy «grin-karta» egalarining AQShga kiritilishi masalasi individual tarzda hal etilishi lozim, deb turib olgan.

28 yanvar kuni Amerika hukumati Trampning ko‘rsatmasini bajarishga kirishdi. Prezident farmonida ko‘rsatilgan mamlakatlardan kelayotganlarni aeroportlarda qo‘lga olish boshlandi. The New York Times’ning hisob-kitobiga ko‘ra, birinchi kuni Kennedi aeroporti va mamlakatning boshqa xalqaro aeroportlarida 200 nafarga yaqin odam qo‘lga olingan. Reuters’ning xabar berishicha, Qohira aeroportidagi aviakompaniyalarga farmonda ko‘rsatilgan mamlakatlarning fuqarolarini AQShga olib ketish taqiqlangan — ularning vizasi yoki «grin-kartasi» bo‘lsa ham.

Mavzuga oid
Top