13:20 / 01.02.2017
10355

“Ishlash uchun xorijga jo‘nataman” yoxud soxta firma “xodimlari”ning nayrangi

O‘zbekistonda har kim xohlagan sohada erkin faoliyat yuritishi uchun barcha huquqiy asoslar mavjud. Bundan tashqari, fuqarolarimizning turli maqsadlarda chet ellarga chiqishi qonuniy tarzda mustahkamlab qo‘yilgan. Masalan, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq fuqarolarimiz Koreyaga ishlash uchun borishi mumkin. Ammo ayrim shaxslar bundan ustamonlik bilan foydalanib, firibgarlik yo‘lini tutishayotgani afsuslanarlidir.

“Postda” gazetasining yozishicha, qisqa vaqt ichida ko‘plab fuqarolarning ishonchini suiiste'mol qilib, chuv tushirgan bu jinoiy guruhning tashkilotchisi va rahbari Ikrom Abdullayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) edi. 

Dastlab uning o‘zi Koreya Respublikasiga ketishni maqsad qilib, koreys tilini o‘rgana boshladi. Biroz muddat o‘tgach, Koreyaga ketish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlashga kirishadi. Tabiiyki, hujjat tayyorlash jarayonida anchagina pul sarflaydi. Kattagina pul sarflaganidan ichidan qirindi o‘tib yurgan kezlari uning miyasiga o‘quv markazi ochish haqida g‘oya keladi.

U soxta o‘quv markazi ochib, bu yerga tashrif buyurgan fuqarolardan biridan Koreyaga ishlashga yuborish maqsadida hujjatlar tayyorlash, viza olish, samolyot bileti va boshqa xarajatlar uchun 2 million 750 ming so‘m pul oladi. So‘ng fuqaroning nomida bankda chet el valyutasi borligi haqidagi ma'lumot kerakligini aytib, 200 AQSh dollariga buni hal qilib berishini aytadi.

Ikrom tanishi – bank xodimi Davron Hamidjonovga 100 AQSh dollari berib, qalbaki ma'lumotnoma oladi. Ularning bunday hamkorligi yana uzoq davom etadi. Ikrom murojaat qilib kelgan har bir kishidan 100 yoki 200 AQSh dollari olib, Davrondan soxta ma'lumotnomalarni olaveradi.

Shu zaylda uning oldiga yordam so‘rab kelgan yigirmaga yaqin fuqaroni aldab, ularning ishonchiga kiradi. Ikrom har bir mijozdan shartnoma tuzish, elchixonaga kirish, suhbatdan o‘tkazish hamda boshqa xarajatlar uchun deb har bir mijozdan 1000 dollardan 3000 dollargacha pul oladi. Jaraq-jaraq pullar keyinchalik guruh a'zolari o‘rtasida bo‘linadi.

Ammo qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi, deganlaridek, Ikrom va uning hamtovoqlarining yolg‘onlari tezda orada fosh bo‘ldi. Ularning barchasi qonun doirasida jazo tortildi.

Top