09:57 / 01.02.2017
3995

Kemeron Daily Mail bosh muharririni “breksit” tufayli “ishdan bo‘shatishni so‘ragan”

Daily Mail gazetasi egasi Jonatan Xarmsvort (lord Rotermir) nashr bosh muharriri Pol Deykrga, Devid Kemeron uni “breksit” bo‘yicha referendum vaqtida ishdan bo‘shatishni taklif qilgani haqida aytgan, deb xabar berdi Bi-bi-si.

Daily Mail referendumdan avval o‘z o‘quvchilarini Britaniyani YeIdan chiqishga faol ravishda chaqirgandi.

Bi-bi-si ma'lumotiga ko‘ra, o‘sha paytdagi bosh vazir Kemeron Deykrdan o‘z qarorgohidagi uchrashuv vaqtida “vaziyatni biroz yumshatish” haqida shaxsan so‘ragan. Suhbat 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan, deb xabar topdi Bi-bi-si’ning Newsnight dasturi. Bu Yevropa kengashi raisi Donald Tusk Kemeron bilan Britaniyaning YeIdagi a'zoligi alohida shartlari bo‘yicha kelishuvi batafsil ma'lumotlarini oshkor etgan kuni ro‘y bergan.

Deykr 25 yil davomida yevroskeptik bo‘lgani hamda “breksit” bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasligini aytgan. Bosh muharrir, uning fikricha, Daily Mail o‘quvchilari ham Britaniyaning YeIdan chiqishini qo‘llab-quvvatlayotganliklarini qo‘shimcha qilgan.

Mart oyi boshida esa parlamentdagi manba Deykrga bosh vazir “breksitga” qarshi bo‘lgan Xarmsvortni bosh muharrirni ishdan bo‘shatish lozimligiga ishontirmoqchi bo‘lganini xabar qilgan. Gazeta egasi referendumdan so‘ng bosh muharrirga Kemeron unga nisbatan bosim o‘tkazishga harakat qilganini aytdi.

Ba'zi bir tahlilchilarning fikricha, Daily Mail’ning “breksit”ni qo‘llab-quvvatlash borasidagi kampaniyasi 23 iyun kungi referendum natijalariga katta ta'sir ko‘rsatdi.

Xarmsvort vakili esa Kemeron Deykrni ishdan bo‘shatishga uringani borasidagi ma'lumotni tasdiqlagani ham, rad etgani ham yo‘q.

Lord Rotermirga ko‘plab bosh vazirlar u yoki bu muharrirni ishdan bo‘shatish borasida bosim o‘tkazishga harakat qilishgan, biroq lord Rotermir ularning muharrirlik siyosatiga aralashmaydi, deya ma'lum qildi Xarmsvort vakili.

Pol Deykr esa bu borada izoh berishdan bosh tortdi.

O‘z navbatida, sobiq bosh vazir vakili Devid Kemeron Daily Mail bosh muharriri kim bo‘lishini shaxsan hal qilishi haqidagi fikrga ega bo‘lmaganini ma'lum qildi

Matbuot kotibining eslatishicha, Kemeron Britaniyaning YeIdan chiqishini faol ravishda qo‘llab-quvvatlagan gazeta pozitsiyasiga oshkora qarshi chiqqan. U o‘z qarashlarini Pol Deykr va lord Rotermirga shaxsan bildirgan, deb qo‘shimcha qildi sobiq bosh vazir vakili.

Devid Kemeron britaniyaliklar YeIdan chiqishga ovoz berishsa, o‘z lavozimidan iste'foga chiqish haqida va'da bergandi. U referendumdan so‘ng va'dasini bajardi. Qirolicha Kemeron iste'fosini 2016 yilning 13 iyul kuni qabul qildi.

Mavzuga oid
Top