10:25 / 01.02.2017
62049

Kreml Mirziyoyev va Putin uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari uchrashuvi yaqin 2-3 oy ichida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Izvestiya» nashriga ma'lum qilgan. Shavkat Mirziyoyev Moskvaga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetkazib berish va Rossiya neftiga bojlarni bekor qilish uchun bir qarorga kelish maqsadida boradi, deyiladi nashr xabarida. Shuningdek harbiy-texnik hamkorlik ham dolzarb bo‘lib turibdi. 

«Izvestiya» nashrining O‘zbekiston rahbariyatidagi yuqori lavozimli suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda energetika, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetkazib berish, harbiy-texnik hamkorlik va muhojirlik siyosati masalalari muhokama etilishi rejalashtirilgan.

- Rossiya o‘zbek qishloq xo‘jalik mahsulotlari uchun katta bozordir. Shuning uchun ham bu bozorni kengaytirish masalalari muhokama etilishi ustuvor bo‘lib turibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston qishloq xo‘jalik sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlarni qabul qildi. Unda paxta maydonlarini qisqartirish va meva plantatsiyalari hamda boshqa ekinlar yetishtirishni oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, o‘zbek tomoni Rossiya neftini bojsiz yetkazib berish masalasini ham yana ko‘tarishi mumkin. Ma'lumki, O‘zbekistonning biroz vaqt avvalgi neftni bojsiz yetkazib berish borasidagi iltimosi RF hukumati tomonidan rad etildi. Bundan tashqari, O‘zbekistondan bo‘lgan muhojirlar masalasi ham muhokama etiladi, — deya aytib o‘tgan «Izvestiya» suhbatdoshi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan muzokaralar ikki mamlakat sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlaydi. 

Ma'lumot uchun, Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning sentabr oyida qisqa muddatli muzokaralar o‘tkazishgandi. O‘shanda Rossiya prezidenti Xitoydan qaytishi chog‘ida Samarqand shahriga tashrif buyurib, O‘zbekiston birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ygandi. O‘sha uchrashuv davomida har ikki siyosatchi ikki mamlakat o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish haqida fikr almashishgan. 

Top