17:10 / 02.02.2017
5406

2016 yilda xalqaro moliya institutlarining 206 million dollarlik kredit liniyalari o‘zlashtirildi

Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishi doirasida 2016 yil mobaynida qonunchilik va me'yoriy-huquqiy baza tashkil etish hamda uni takomillashtirish ishlari davom ettirildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi. 

Xususan, qurilishning barcha bosqichlarida tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillari doirasida yagona qoida va talablar belgilandi, bino va inshootlar tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, obektlarni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga, shuningdek, turar joylarni noturar joylar toifasiga o‘tkazishga ruxsat berish talablari joriy etildi. 

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va kichik korxonalar tashkil etish maqsadida 2016 yil mobaynida kichik biznes sub'yektlariga 15,9 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi va o‘sish 2015 yilga nisbatan 1,3 barobarni tashkil qildi. 

Jumladan, qiymati 3,3 trillion so‘mlik mikrokreditlar ajratildi, xalqaro moliya institutlarining 206,7 million dollar miqdoridagi kredit liniyalari o‘zlashtirildi. 

2016 yil mobaynida «Ye-ijro» idoralararo elektron hamkorlik tizimini faol joriy etish asosida tadbirkorlik sub'yektlariga «Yagona darcha» markazlari orqali 100 mingdan ziyod davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 127 mingdan ziyod firma nomlariga Internet orqali buyurtma berildi. 

Qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda yanada rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar 2016 yil mobaynida qariyb 32 ming yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etish imkonini berdi. 

Natijada, 2016 yil yakuni bilan yalpi ichki mahsulotda kichik biznes ulushi 56,9 foiz (2015 yilda bu ko‘rsatkich 56,5 foiz bo‘lgan), sanoatda 45 foiz (40,6 foiz), investitsiyalarda 40,3 foiz (36,3 foiz), qurilishda 70,7 foiz (68,4 foiz), chakana savdo aylanmasida 89,6 foiz (87,1 foiz) va bandlikda 78,1 foiz (77,9 foiz) oshdi.

Top