11:07 / 02.02.2017
28861

Nima uchun jurnalist o‘zining haq so‘zi uchun azob chekishi kerak?

Bizda g‘alati narsalar sodir bo‘lmoqda. Davlat rahbari mamlakat rivojiga to‘siq bo‘layotgan barcha kamchiliklar haqida gapirmoqda, turli, hattoki eng yuqori darajadagi amaldorlarni tanqid qilmoqda va bu TV orqali butun xalqqa ko‘rsatilmoqda, biroq joylarda hech kim o‘zgarishni xohlamayapti, deb yozadi jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Jurnalistning ma'lum qilishicha, uni “Samarqandni “qorong‘ilikdan” kim ozod qiladi?” nomli maqolasi e'lon qilingach, shahar prokuraturasidan qo‘ng‘iroq qilishgan. Qo‘ng‘iroq qilgan yosh xodim “Chiroq masalasidagi muammolar haqida siz yozdingizmi?”, deb so‘ragan. Rahmatullayev ijobiy javob bergan. U jurnalistdan shahar prokuraturasiga kelishni so‘ragan. “Qanday asosda, nimaga?” degan savolga esa – “Suhbat uchun. Axir Siz chiroq yo‘qligi borasida shikoyat qilgansiz, va Toshkentdan bizdan vaziyatni o‘rganishni so‘rashdi”, deb javob bergan.

Jurnalist inson taqdiri qaysidir jihatdan  bog‘liq bo‘lgan bu prokuratura xodimiga shikoyatni jurnalist materiali bilan farqlash lozimligini tushuntirgan. “Men hech kimga shikoyat qilmaganman, men Samarqanddagi elektr ta'minoti muammosini ko‘tarib chiqdim, bu muammo yuz minglab kishilarni tashvishga soladi. Agarda Sizga rahbariyat bu ishni o‘rganish haqida topshiriq bergan bo‘lsa, u holda maqolada barchasini yozib bergan men bilan emas, balki shahar va viloyat elektr ta'minoti rahbarlari bilan gaplashing. Sababi aynan ularning harakati yoki aksincha hech qanday harakat qilmasligi aholi noroziligini keltirib chiqarmoqda”, - degan jurnalist o‘z suhbatdoshiga. Prokuratura xodimi bunga javoban hech narsa demay, go‘shakni qo‘yib qo‘ygan.

T.Rahmatullayev shu bilan uni boshqa bezovta qilishmaydi, deb o‘ylaganini yozadi. Biroq bu ro‘y beradi. Shahar prokuraturasidan jurnalist istiqomat qiluvchi mahalla markaziga qo‘ng‘iroq qilishib, uning shaxsi bilan qiziqishgan. Nima bu mahkama va umuman huquqni muhofaza qilish organlarining jurnalistni uning to‘g‘ri so‘zi uchun ta'qib etishdan boshqa ishi yo‘qmi, deb savol bergan Rahmatullayev. Uning yozishicha, bu u bilan bog‘liq bo‘lgan birinchi holat emas ekan.

U yana bir holatni keltirgan. Nuz.uz nashrida «Samarqand yo‘l harakati ishtirokchilarini nima bezovta qilmoqda yoki YTHga olib keluvchi omillar haqida» maqolasi chiqqach, uning mahallasiga IIBning ikki xodimi kelgan. Nima uchun, deb savol berdi jurnalist. Uning yozishicha, ular u haqda ma'lumot to‘plashgan. Jurnalistning aytishicha, agarda xodimlar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan bo‘lishganda, u bilan uchrashuvda maqolada ko‘tarilmagan boshqa salbiy faktlar bilan qiziqqan bo‘lishar edi. O‘shanda bu militsiya rahbariyatining o‘z ishini yaxshilashiga qaratilgan intilishi deb baholangan va maqtovga sazovor bo‘lardi, deydi jurnalist.

Biroq uning yozishicha, huquqni muhofaza qilish organlari boshqa ishlar bilan shug‘ullangan. Ular jurnalist o‘z materiallarida keltirgan kamchiliklar haqidagi ma'lumotlarga, shuningdek, lavozimli shaxslarning hiylalari va hokazolarga asoslangan holda o‘z surishtiruvlarini o‘tkazishlari lozim, deydi Rahmatullayev. 

Nima uchun men bu masalani muharririyati O‘zbekistonda joylashgan veb-saytda ko‘tarib chiqdim, deb savol bergan jurnalist. Biz, bu muallif va WWW.NUZ.UZ muharririyati bizning mamlakatda jurnalistning haq so‘ziga nisbatan munosabat yaxshi tomonga o‘zgarayotganiga ishonchimiz komil, va eng asosiysi, hukumatning yuqori qatlamlarida hammasi eskicha qolsa mamlakat va xalq uchun buning hech qanday foydasi yo‘qligini tushunishmoqda, deb yozgan T.Rahmatullayev.

Keyingi fakt bundan dalolat beradi, deydi jurnalist. “O‘tgan hafta Samarqandda viloyat xalq deputatlari kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda qishloq va suv xo‘jalik vaziri, Bosh vazir o‘rinbosari Zoir Mirzayev ishtirok etdi, garchi bu oddiy sessiya edi. Keyinroq menga Zoir Tohirovich o‘z chiqishida Samarqandda elektr ta'minotida nimalar bo‘layotganini bilish maqsadida atayin kelganini ta'kidlab o‘tganini yetkazishdi. U “Samarqandni “qorong‘ilikdan” kim ozod qiladi?” maqolasida muammo haqida obektiv so‘z yuritilganini aytib, uni hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi”, deb yozadi Rahmatullayev.
Jurnalistning aytishicha, ertasi kuni – 26 yanvarda unga “Samarqand elektr tarmoqlari hududiy korxonasi” OAJ direktori G‘ulom Primov qo‘ng‘iroq qilib, "O‘zbekenergo" AJ cheklovlarni olib tashlaganini, ya'ni endilikda Samarqand elektr ta'minotida hech qanday limit bo‘lmasligini aytgan. Jurnalist haqiqatan ham bir hafta davomida Samarqandning ko‘plab hududlarida chiroq o‘chirilmayotganini ma'lum qildi. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, qayerdadir muammolar qolgan. G‘.Primovning so‘zlariga ko‘ra, ular uzatish liniyalari va ba'zi bir IP eskirib qolgani bilan bog‘liq, ularni o‘z kuchlari bilan bartaraf etish mumkin.

Jurnalist ushbu maqolaga tayyorgarlik jarayonida OAVning jamiyat rivojidagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritishini xayoliga ham keltirmaganini aytib o‘tdi. Biroq uning uchun biroz yoqimsiz so‘nggi holatlar, shuningdek, TV orqali Prezident Shavkat Mirziyoyevning chiqishi ko‘rsatilishi o‘z fikrlarini bayon etishga turtki bergan.

Shavkat Miromonovich Vazirlar Mahkamasi a'zolari oldiga O‘zbekistonning rivojlanishi bog‘liq bo‘lgan vazifalarni qo‘ymoqda. Bu vazifalar hukumatning quyi pog‘onalari – viloyat rahbarlari, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, u yerdan esa – tuman va shahar miqyosidagi amaldorlarga qadar tushiriladi. Ushbu barcha tuzilmalar, davlat hokimiyat organlari va boshqarmalarda faqat o‘z mamlakat kelajagi haqida qayg‘uradigan mutaxassislar ishlayotganiga kafolatlar bormi. Davlat rahbari tomonidan qo‘yilayotgan talablarni bajara oladigan xodimlar yetarlichami?

Tarixda ilg‘or yangilanishlardan manfaatdor bo‘lmagan quyi pog‘onalardagi amaldorlar boshlangan islohotlarga qarshi bo‘lgani borasida misollar yetarlicha. Bu yerda jurnalistlarning halol, prinsipial va manfaatdor pozitsiyasi kerak bo‘ladi. Agarda OAV har bir salbiy holat haqida yozishsa-gapirishsa, bu jamoatchilikka ma'lum bo‘lsa, mamlakat rahbariyatiga tegishli qarorlarni qabul qilishga asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘z ishini sidqidildan bajarmayotgan yoki umuman bajarmayotgan amaldorlarni jazolash esa boshqalarga dars bo‘ladi. Kelajakda boshliq ishga o‘z yaqinlarini olishdan avval – sevimli qarindoshida bo‘lajak lavozim bilan bog‘liq ishlarni bajarishga yetarlicha tajriba, ko‘nikma mavjudligi borasida ham qiziqib ko‘radi.

Mamlakatimiz rivojiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan muammolar haqida boshqa jurnalistlar ham yozishi mumkin. Ular o‘zlarini davlat qo‘llab-quvvatlayotganini his etishlari lozim. Bu xatti-harakatlari keyinchalik alohida kuchlar tomonidan ta'qib qilinmasligiga ishonch hosil qilishlari uchun ham lozim.

Mavzuga oid
Top