23:20 / 02.02.2017
16224

Putin Donbassdagi vaziyatning keskinlashuvi sabablarini aytdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassdagi vaziyat keskinlashuvining 3 sababini  aytdi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi. 

Uning aytishicha, Kiyev pullarga muhtoj va Yevropa Ittifoqi ko‘z o‘ngida o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatmoqda.

"Birinchi sabab shundaki, Ukraina rahbariyatiga bugun pullar kerak. Pullarni esa Yevropa Ittifoqi va Yevropaning alohida davlatlari, AQShdan va xalqaro moliya institutlaridan o‘zini tajovuz qurboni qilib ko‘rsatib olish osonroq", deb aytdi Putin Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvdan keyin.

Putinning ta'kidlashicha, keskinlashuvga ikkinchi sabab – Ukraina hukumati e'tiborni Donbassga qaratib, muxolifat bilan kurashishga urinmoqda.

Putin uchinchi sabab sifatida Ukraina AQShdagi saylovlarda aniq "nomzodni" (Hillari Klinton ko‘zda tutilmoqda) qo‘llab-quvvatlagan va endi Donbassdagi vaziyatni keskinlashtirish yo‘li bilan AQShning yangi prezidenti Donald Tramp ma'muriyati bilan munosabatlarni yaxshilamoqchi.  

"AQShdagi saylovlarda Ukrainaning amaldagi hukumati nomzodlardan biri foydasiga bir tomonlama pozitsiyani egalladi va ukrainalik oligarxlar, hoynahoy siyosiy rahbariyat ma'qullovi bilan, bu nomzodni moliyalashtirgan. Endi ular AQShning amaldagi ma'muriyati bilan munosabatlarni yana mojaro orqali yo‘lga qo‘ymoqchilar, bu esa doimo oson, Oq uyning amaldagi ma'muriyatini Ukraina muammolarini hal qilishga tortish yengilroq va shu yo‘l bilan qandaydir muloqot yo‘lga qo‘yilmoqchi", deb tushuntirdi Putin.

Top