09:04 / 02.02.2017
13008

Turkmaniston prezidentlik saylovida ovoz berish boshlandi

Turkmaniston davlat rahbarligi uchun o‘tkazilayotgan saylovlarda muddatidan avval ovoz berish boshlandi. Turkmaniston prezidenti saylovi 12 fevralda bo‘lib o‘tadi. 

Turkmaniston saylov kodeksining 73-moddasiga binoan, saylov kuni yashash joyida bo‘la olmaydigan saylovchi ovoz berish uchastkasida muddatidan avval ovoz bera oladi. Saylovchilar 2-11 fevral kunlari mahalliy vaqt bilan soat 08:00-18:00 oralig‘ida ovoz berishlari mumkin bo‘ladi. 

Umuman saylov kunida 2578 saylov uchastkasi o‘z eshiklarini ochadi, ularning 39tasi Turkmanistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida joylashgan. 

Oliy davlat lavozimiga 9 nafar nomzod kurashmoqda, ular orasida amaldagi davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov ham bor.

2016 yil 14 sentabrda qabul qilingan yangi konstitutsiyaga muvofiq, prezidentlik vakolatlari 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan hamda davlat rahbarligi uchun 70 yoshlik yuqori yosh cheklovi bekor qilingan. 

Asosiy qonunga ko‘ra, Turkmanistonda tug‘ilib, so‘nggi 15 yilda doimiy istiqomat qilgan, davlat tilini biladigan fuqaro prezident bo‘la oladi. 

Mavzuga oid
Top