10:36 / 03.02.2017
13107

AQShning BMTdagi elchisi Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinishi shartlarini ma'lum qildi

AQShning BMTdagi yangi doimiy vakili Nikki Xeyli o‘zining ilk chiqishida rasmiy Moskva Rossiya tarkibiga qaytgan Qrim nazoratini Ukrainaga qaytarmas ekan, Rossiyaga qarshi sanksiyalar o‘z kuchida qolishi kerakligini aytdi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar qilmoqda.

«Qrim – Ukrainaning bir qismi. Bizning Qrimga nisbatan kiritgan sanksiyalarimiz, Rossiya yarimorol nazoratini Ukrainaga qaytarib bermas ekan, o‘z kuchida qoladi», — degan Xeyli. Shu bilan birga, Amerika doimiy vakili Moskvani Ukrainadagi mojaroni kuchaytirishda aybladi. 

«Bunday bo‘lmasligi kerak edi. Bunday bo‘lmasligi kerak. Biz haqiqatan ham Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashni xohlaymiz. Biroq Ukraina sharqidagi vaziyat Rossiya harakatlarini qoralashimizga sabab bo‘lmoqda», — deya Xeyli so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi. 

Avvalroq, AQSh moliya vazirligi Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga nisbatan sanksiyalar yumshatilganini ma'lum qilgan edi. Unga binoan, Rossiya boshqarmasi bilan Amerika kompyuter texnikasini yetkazib berish bo‘yicha kelishib olishga izn berilgan. 

Top