18:01 / 03.02.2017
13940

Shavkat Mirziyoyev Yakkasaroy texnoparkida rahbarlarga mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni poytaxtda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish asnosida Yakkasaroy tumanidagi «Yakkasaroy kichik sanoat zonasi» davlat unitar korxonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekistonning barcha hududlari kabi Toshkent shahrida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, tadbirkorlarning erkin faoliyat ko‘rsatishini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 5 oktabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bunda yangi bosqichni, yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. 

Bugungi kunda Toshkent shahrining Yunusobod, Sergeli va Yakkasaroy tumanlarida uzoq yillardan beri faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar negizida 3ta texnopark tashkil etilgan bo‘lib, ular tadbirkorlarga mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda qulay shart-sharoitlar yaratmoqda. 

Yakkasaroy tumanidagi sobiq to‘qimachilik kombinati hududida tashkil etilgan «Yakkasaroy kichik sanoat zonasi» davlat unitar korxonasining umumiy yer maydoni 61,2 gektarga, bino va inshootlar maydoni 338 ming kvadrat metrga teng. Hozir bu yerda 284 tadbirkorlik sub'yekti to‘qimachilik, kimyo sanoati, oziq-ovqat, mebelsozlik, metallni qayta ishlash, qog‘oz, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mashinasozlik kabi tarmoqlarda faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 2016 yilda 630 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 48,5 million dollarlik tovarlar eksport qilingan. 

Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida texnopark hududida bank shoxobchasi, notarial idora, temir yo‘l liniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Bu yerda 6 ming 600dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda. 

Davlat rahbari texnopark hududidagi loyihalar bilan tanishar ekan, bunday kichik sanoat zonalarini poytaxtning barcha tumanlarida tashkil etish, ularda kichik biznes vakillariga keng imtiyozlar yaratish zarurligini ta'kidladi. Mazkur korxonalarning xorijiy hamkorlar topishiga ko‘maklashish lozimligi, bu ularning chet el bozorlariga chiqishi va mahsulotlari eksportini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. 

Shavkat Mirziyoyev texnopark hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqotda O‘zbekistonda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanib, mahsulotlar sifatini oshirish, eksport faoliyatini yanada rivojlantirish, xorijiy ko‘rgazmalarda faol ishtirok etishni taklif etdi. Mutasaddi rahbarlarga bunday faoliyatni qo‘llab-quvvatlash uchun mahsulotlarni mahalliylashtirishga keng yo‘l ochish, tadbirkorlarga xorijdan xomashyoni keltirish va O‘zbekistonda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun investitsiyalar ajratish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Top