10:45 / 03.02.2017
15329

Shvartsenegger Trampga joylarni almashishni taklif etdi

Foto: EPA

Kaliforniya shtatining sobiq gubernatori, Hollivud aktyori Arnold Shvartsenegger AQSh prezidenti Donald Trampdan o‘zining Oq uydagi joyini bo‘shatib berishni so‘radi. Bu haqda aktyor prezident uning ishtirokidagi The Celebrity Apprentice («Mashhur shaxsning shogirdi») shousining reytingi pastligida ayblagach, tvitterida videomurojaat orqali aytgan.

«Ey Donald, menda ajoyib g‘oya bor. Joylarimizni almashmaymizmi? Modomiki sen yuqori reytinglar bo‘yicha mutaxassis ekansan, televideniyega qayt. Men esa odamlar yana tinch uxlashi uchun o‘z ishimni qila boshlayman», degan sobiq gubernator.

2 fevral kuni AQSh prezidenti Tramp Milliy ibodat nonushtasida mehmonlarni televideniyeda reytingi tushib borayotgan Shvartsenegger uchun ibodat qilishga chaqirgan.

«Biz barchasi qanday bo‘layotganini ko‘rib turibmiz: reyting plintusgacha sho‘ng‘imoqda. Bu falokat. Arnold uchun duo qilaylik, biz uning reytingi ko‘tarilishida yordam beraylik, okey?», degandi Tramp.

Undan oldin ham Tramp Shvartseneggerni teleshousining reytingi pastligi uchun mazax qilgandi.

«Reytinglar e'lon qilindi, Arnold Shvartsenegger reytinglar ustasi Donald Jon Tramp bilan qiyoslaganda jiddiy talafot ko‘rdi», — deb yozgandi davlat rahbari.

Shouga ilgari, 2008 yildan buyon Trampning o‘zi boshlovchilik qilar edi, ammo 2015 yilgi saylovoldi kampaniyasidagi provokatsion chiqishlari bois u shoudan haydaldi. Shu oyda shou qaytadan boshlandi, endi unga Shvartsenegger boshlovchilik qilmoqda.

Raqamlar prezidentning gaplari to‘g‘riligini ko‘rsatmoqda: 2004 yilning yanvarida shou epizodlaridan birini 18,5 million kishi tomosha qilgan, Shvartseneggerning shu yil yanvaridagi debyuti esa 4 millionga yaqin teletomoshabinni o‘ziga jalb eta oldi.

Top