02:24 / 04.02.2017
34330

Xorazmda o‘z sinfdoshining uyiga o‘g‘irlikka kirgan 19 yoshli “xavfli retsidivist” qo‘lga olindi

Foto: Gorod.lv

Jamshid Eshimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) endigina 19 yoshni qarshiladi. Shu yoshda uning tarjimai holiga “xavfli retsidivist” tamg‘asi bosildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Kasb-hunar kollejlarining birida o‘quvchi bo‘lgan bu yigit 2015 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yangibozor tuman sudi tomonidan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Oradan ko‘p o‘tmay, yana jinoyatga qo‘l urgan.

Keyin yana... O‘tgan yili kollejdagi darslardan chiqib, profilaktika inspektori huzuriga bordi. Inspektor yigitga odobli bo‘lib yurishni, qing‘ir ishlarga qo‘l urmaslikni, o‘z hayotini uvol qilmaslikni tayinladi. Jamshid “Xo‘p, xo‘p” deya bosh egib o‘tirdi-yu, chiqishi bilan barcha nasihatlarni unutdi. Do‘sti Rajab bilan choyxonaga borib, spirtli ichimlik iste'mol qilishdi.

Shu kuni Saodat ismli sinfdoshining tug‘ilgan kuni edi. Uni tabriklash uchun ziyofat bo‘layotgan kafega bordi. Ichkilikbozlik u yerda ham davom etdi. Mast holatda uyga qaytayotgan Jamshidning xayoliga bir-ikki so‘m pul ishlab olish fikri keldi. Buning eng oson yo‘li – o‘g‘irlik. U sinfdoshi Maqsudni o‘ziga to‘q yashaydi deb hisoblar va uylarida har doim pul bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi.

Shu bois kechki soat 21:30larda sinfdoshining xonadoniga o‘g‘irlikka tushdi. Bog‘ devorni oshib o‘tdi. Ombor oldida temir bolg‘a turgan ekan. Xonadon egalaridan birontasini ko‘rib qoladigan bo‘lsa, ularni urish maqsadida bolg‘ani oldi.

To‘g‘ri Sharif akaning yotoqxonasiga kirdi. Seyfni o‘z kaliti bilan ochib, 510 ming so‘m pul, 40 AQSh dollari va uzuk-zirakni olib, cho‘ntagiga joyladi. Keyin navbatdagi xonaga mo‘raladi. Qarasa, sinfdoshi kompyuter o‘ynab o‘tirgan ekan. Tezda bu yerni tark etib, sinfdoshining bobosi Sharif aka uxlayotgan xonaga kirdi. Sharif aka nimanidir sezdimi, o‘rnidan turdi. Biroq o‘girilishga ulgurmadi. Boshiga bir emas, to‘rt marotaba bolg‘a urildi. Sharif aka jon holatda baqirdi. Jamshid bolg‘ani divan orqasiga otdi va o‘zini tashqariga urdi.  

Shovqinni eshitgan Sharif akaning turmush o‘rtog‘i va nevaralari uning oldiga yugurishdi. Sharif aka hushsiz yotardi. Maqsud sinfdoshining qochib ketayotganini ko‘rib, “to‘xta” deb qichqirdi. Buvisi tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi. Tez orada J.Eshimov huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Sud hukmi bilan J.Eshimov 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Top