13:35 / 04.02.2017
8243

Navro‘z bayrami hamda palov milliy taomiga YuNeSKO sertifikati topshirildi

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida “G‘arbiy Tyan-Shan” (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston)ning Transmilliy seriyalar nominatsiyasi bo‘yicha YuNeSKOning Butunjahon madaniy va tabiiy meros ro‘yxatiga kiritilganligi, Navro‘z bayrami hamda palov milliy taomining nomoddiy madaniy meros sifatida YuNeSKOning Reprezentativ ro‘yxatidan takror joy olgani munosabati bilan sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va YuNeSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi tomonidan tashkil etildi. Unda vazirliklar, Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘i ma'muriyati, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.Abdusamatov, YuNeSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi mas'ul kotibi A.Ikromov va boshqalar mamlakatimizning boy moddiy va nomoddiy merosi, uning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini alohida ta'kidladi. 

O‘zbekiston yaqin kelajakda Sarmishsoydagi tosh bitiklar, Shohimardon, Zomin, Hisor tog‘lari va Boysun qo‘riqxonasini Butunjahon madaniy va tabiiy meros ro‘yxatiga kiritishni ham rejalashtirgan. 

Tadbir davomida “G‘arbiy Tyan-Shan”, “Navro‘z”, “Palov an'anasi” kabi hujjatli filmlar namoyish etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga YuNeSKOning maxsus sertifikati topshirildi.

Top