11:44 / 04.02.2017
5388

OAV: Tramp prezidentlikka kirishgandan beri uning harakatlariga qarshi 52 ta da'vo arizasi berildi

Donald Tramp 20 yanvarda prezidentlik lavozimini bajarishga kirishgandan beri uning nomi AQShning 17 shtatida AQSh hukumatining harakatlariga qarshi qo‘zg‘atilgan 52 ta da'vo arizalarida esga olindi. NBC telekompaniyasi shu munosabat bilan "Tramp ma'muriyati hokimiyat tepasida bir necha kungina bo‘lishiga qaramay, da'volarning hayratlanarli darajada ko‘pligini" ta'kidlab o‘tgan. Telekompaniya taqqoslash uchun Obama prezidentlikka kirishganining ilk ikki haftasida uchta shikoyatda, Kichik Jorj Bush va Bill Klinton esa 2 ta shikoyatda eslab o‘tilganini ma'lum qildi. 

Tramp eslatib o‘tilgan da'volar AQSh migratsiya tartibining qat'iylashtirish siyosati sababli qo‘zg‘atilgan. O‘tgan haftada Tramp musulmon davlatlar fuqarolari manfaatlariga putur yetkazuvchi bir qator farmonlarni imzolagandi.

"Fuqarolik huquqlari harakati faollari va musulmon tashkilotlari vakillari bu farmonlarga bir qator sud da'volari bilan javob berishdi. Nyu-York, Massachusets va Virjiniya shtatlari bosh prokurorlari bu farmonlarga qarshi chiqayotganlarga qo‘shildilar. Da'volar, shuningdek, Vashington va Minnesota shtatlarida topshirilgan. Bu da'volardan har birida farmonlar diniy erkinlik huquqini buzishi ta'kidlangan", deb aytilgan telekompaniyada.

Trampga qarshi San-Frantsisko shahri hukumati ham da'vo arizasi berdi, ular Tramp ma'muriyatining, agar immigratsiya bo‘yicha farmonlar talablari bajarilmasa, shaharga ajratiladigan mablag‘larni qisqartirish rejasiga qarshi chiqmoqdalar. San-Frantsisko prokurori bu farmonlarni "aksilamerikacha" deb atagan. Kaliforniya shtati prokurori Ksaver Beserra esa Meksika chegarasida devor qurilishini qonuniy usullar bilan to‘xtatish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytgan.

Mavzuga oid
Top