19:38 / 05.02.2017
25173

Yuk mashinasi haydovchisining rulda uxlab qolishi yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘ldi

Foto: © "Voditeli Tashkenta"

Xorazm viloyatida yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi, deb xabar bermoqda Sputnik nashri.

Guvohlarning aytishicha, ko‘p tonnalik HOWO yuk mashinasi rulda uxlab qolgan haydovchi sababli yo‘ldan chiqib ketgan. Yaxshiyamki, mashina piyodalar yo‘lkasiga tushmay, yo‘l chetidagi qiyalikdan ariqqa ag‘darilib ketgan. "Yaxshiyamki, jabrlanganlar yo‘q, haydovchi omon qolgan", deb aytgan ushbu YTH suratini ijtimoiy tarmoqlarda chop etgan foydalanuvchi. 

Suratlardan ko‘rinishicha va guvohlarning aytishicha, yuk mashinasiga shag‘al ortilgan bo‘lgan. Mashina to‘ntarilganda undagi shag‘alning bir qismi piyodalar yo‘lkasiga sochilib ketganini ko‘rish mumkin.

Bu voqea katta yuk mashinalari haydovchilari qoidalarga bepisand munosabatda bo‘lib, yirik yo‘l-transport hodisalariga sababchi bo‘layotgan birinchi holatmasdir. Yuk mashinalari haydovchilari orasida eng ko‘p tarqalgan qoidabuzarliklar – ular reysga chiqishdan avval tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tmasliklari, yuk ortish me'yorlarining oshirib yuborilishi, mashinalarga nomaqbul texnik xizmat ko‘rsatish va ularning reys oldidan tekshiruvdan o‘tkazilmaganligi bo‘lmoqda.  

Top