16:17 / 06.02.2017
11152

Rossiyaning Novosibirsk viloyati gubernatori O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Foto: O‘zagroeksport

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining meva-sabzavot mahsulotlari eksportini keskin oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalarini bajarish borasida amaliy choralar ko‘rilmoqda. Shu maqsadda,  hukumat taklifiga binoan, Rossiyaning Novosibirsk viloyati gubernatori V.F.Gorodetskiy rahbarligidagi ishbilarmon va tadbirkorlar doiralari vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda «O‘zagroeksport» AJ matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Ushbu tashrif chog‘ida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Rozukulov va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoir Mirzayev bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar savdo hajmini oshirish va meva-sabzavot mahsulotlarini markazlashtirilgan holda tizimli ravishda yetkazib berish masalalarini muhokama qilishdi. 

Bugungi kunda «O‘zagroeksport» AJ ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tomonidan meva va sabzavotlarni yetkazib berish bo‘yicha Sibir federal okrugidagi yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri «Xolidey» bilan shartnoma imzolangan. Bundan tashqari, sibirlik hamkorlar bilan «O‘zagroeksport-Sibir» savdo uyi ham ochilgan.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, ushbu savdo uyi orqali Rossiyaning Sibir federal okrugiga 2017-2019 yillarda yil mobaynida meva-sabzavot mahsulotlarini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. 

Bundan tashqari, Rossiya delegatsiyasi «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasida amaliy uchrashuv ham o‘tkazishdi. Muzokaralar chog‘ida eksport shartnomalarini tayyorlash va logistika jarayonini optimallashtirish masalalari muhokama qilingan. 

Novosibirsk viloyati gubernatori Gorodetskiy «Gold Dried Fruits» kompleksiga ham tashrif buyurdi. Bu yerda u meva va sabzavotlarning qayta ishlanishi, quritilishi, shokli muzlatilishi, saqlanish va yuklanish jarayoni bilan tanishdi. 

Rossiya tomoni meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha Davlat dasturining ulkan natijalarini qayd etdi. 

Top