10:03 / 06.02.2017
115119

Toshkent. Tong sahar. Izg‘irin... Yo‘l chetida turgan bolakay haydovchining e'tiborini tortdi

Dunyo kutilmagan hodisalarga to‘la sandiqqa o‘xshaydi. Uning ichiga kirsang, o‘zing kutmagan holatlarga duch kelaverasan. Ularning ayrimlari seni xafa qilsa, boshqasi xursand qiladi. Natijada hayotiy tajribang oshib, bu ishlardan bir hikmat qidirishga tushasan.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhining Sherzod Kasimov ismli foydalanuvchisi o‘z hayotida sodir bo‘lgan ana shunday holatlardan birini guruh foydalanuvchilari e'tiboriga havola etdi.

Sherzodning aytishicha, u kuni kecha soat tonggi 7:20da mashinasida qayoqqadir ketayotgan vaqtda ko‘zi yo‘l chetida mung‘ayib turgan bolaga tushadi. Sherzod uning yonida to‘xtab, bolani mashinaga chiqarib oladi. Yo‘lma yo‘l bola bilan suhbatlashib ketish barobarida uni ko‘zdan kechiradi. Bolaning muzlagan qo‘llari va ularda ushlab olgan 500 so‘m pul haydovchining e'tiborini o‘ziga tortadi. Sherzodning aytishicha, bola unga yarim soatdan beri yo‘l yoqasida turgani, shu vaqt oralig‘ida birorta ham mashina to‘xtamaganini gapirib beradi.

Guruhda e'lon qilingan ushbu post, foydalanuvchilarning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik bu ishda bolaning ota-onasini beparvolikda ayblashgan. Saharmardondan ko‘chaga chiqib olgan, buning ustiga qo‘lida 500 so‘m ushlab olgan bolaning holatiga ko‘pchilik achingan, haydovchining muruvvatiga tan berishgan.

Bola nega bu holatda ko‘chada turgan, qayerdan chiqib qayerga ketgan Sherzod Kasimov bunga oydinlik kiritmagan. Faqatgina voqeaga taalluqli fotosuratlarni ilova qilgan.   

“Hurmatli haydovchilar, yosh bolalar va yoshi kattalarga himmat ko‘rsataylik, e'tiborli bo‘laylik. Ayniqsa, shunday sovuq kunlarda...”, deb yozadi u.

Sherzodning gaplarida jon bor. Inson o‘z nomi bilan inson. Uning qadri barcha narsadan yuqori turadi. Ushbu vaziyatga xolis yondashiladigan bo‘lsa, bola tomonidan qanday vaziyat ekanligi barchaga qorong‘i, ammo uning yo‘l chetida, izg‘irin sovuqda yarim soatlab turishi va o‘sha yo‘ldan o‘tayotgan mashinalarning birortasi to‘xtamasligi holatning ochiq ko‘rinishidir. Biror kishiga qilingan har bir yaxshilik, albatta, yuz bo‘lib qaytadi. Bu dunyoda... Oxiratda-ku, buning savobi cheksiz. Shu sabab, azizlar, keling, bir-birimizga suyanch, mehribon va muruvvatli bo‘laylik.

 

Top