19:43 / 07.02.2017
5884

“E-yoshlar” guruhi #NavoiyDay va #BoburDay xesh-teglarini dunyo trendiga olib chiqish harakatida

O‘tgan yili #Navoiy575, #BoburDay va #NavrUZ xesh-teglarini dunyo trendiga olib chiqqan “E-yoshlar” guruhi bu yil ham o‘z an'anasiga sodiq qolgan holda barcha vatandoshlarimizni xususan virtual olamdagi faol yoshlarini o‘z safiga chorlab qoladi.

“E-yoshlar” ular bilan birgalikda #NavoiyDay va #BoburDay xesh-teglarini butun jahon Internet foydalanuvchilari o‘rtasida faol targ‘ib qilib, mazkur xesh-teglarni dunyo trendiga olib chiqishmoqchi va yana bir bora haqiqiy internet saylini o‘tkazish uchun bel bog‘lashgan.

Mazkur virtual aksiya joriy yilning fevral oyi ijtimoiy tarmoqlardagi eng shov-shuvli kompaniyasi bo‘lishi kutilmoqda.

Aktsiya talablariga ko‘ra, Twitter foydalanuvchilari 9 fevral kuni soat 9:00 dan boshlab #NavoiyDay xesh-tegi bilan, 14 fevral kuni soat 14:00 dan boshlab esa ‪#BoburDay xesh-tegi bilan post qoldirishlari kerak bo‘ladi.

Aktsiyada, shuningdek, Facebook va Instagram foydalanuvchilari ham o‘z postlarida ushbu xesh-teglarni ishlatgan holda qatnashishlari mumkin.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, “E-yoshlar” guruhi 14 fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazishni rejalashtirgan. Unda o‘zini milliy qadriyatlarimizga daxldor deb bilguvchi har bir fuqaro faol ishtirok etish uchun universitetga tashrif buyurishi va hududda o‘rnatilgan buyuk siymo Bobur Mirzo tavallud kuniga bag‘ishlab tayyorlangan maxsus bannerlar, dekoratsiya va illyustratsiyalar atrofida suratga tushib, o‘z ishtirokini on-layn tizimda turli ijtimoiy tarmoqlarda aks ettirib borishi mumkin.

“E-yoshlar” guruhi bu aksiyada barcha yurtdoshlarimizni jumladan, el sevgan san'atkorlar, sportchilar, joylardagi mahalla faollari, ayniqsa, talaba va o‘quvchi yoshlarni faol ishtirok etishga chorlaydi.

Top