17:55 / 07.02.2017
59628

Toshkentda ulkan muz saroyi qurilishi boshlandi

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

O‘zbekistonda bolalar va yoshlar sportini, jumladan, sportning qishki turlarini rivojlantirish maqsadida Toshkent shahrining Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari kesishuvidagi 9 gektar maydonda ko‘p tarmoqli «Humo» muz saroyi qurilishi boshlandi. 

Mamlakat prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining ijtimoiy tashabbusi hisoblanadi

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish Harakat strategiyasida qayd etilganidek, yoshlar siyosatini takomillashtirish yo‘nalishlaridan biri «yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, bolalar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish»ga qaratilgan. Ekspertlarning fikricha, Toshkentda barpo etilayotgan ushbu majmua mamlakatda sportni yanada rivojlantirish ishida qudratli lokomotiv bo‘lishi kutilmoqda. 

12 ming kishilik tribunaga ega ko‘p funksional saroy hududida muz arenasi, mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan maydon, o‘quv-ko‘ngilochar bolalar xiyoboni, oilaviy ko‘ngilochar markazlar, amfiteatr, favvorali xushmanzara bog‘lar, restoran va rekratsion zonalar, bog‘ va sayilgoh, zamonaviy parking va boshqa ko‘plab inshootlar joylashadi. Ularda jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar uchun ham barcha sharoitlar yaratiladi.

Mazkur majmua dunyodagi yetakchi arxitektorlik byurolaridan biri bo‘lgan va 2018 yilda Koreya Respublikasining Pyongchang shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan qishki Olimpiya o‘yinlari uchun xam barcha olimpiya obektlarni loyihalashtirgan byuroning eksklyuziv loyihasi bo‘yicha, arxitektura va dizayn sohasidagi eng zamonaviy tendensiyalardan foydalangan holda, halqaro sport federatsiyalarining oliy darajadagi musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha standart va talablarga muvofiq quriladi. Muz saroyi dizaynida zamonaviy qurilish yechimlari va ilg‘or texnologiyalar milliy madaniyat elementlari bilan uyg‘unlashtiriladi, jumladan, inshootning me'moriy g‘oyasidan muhabbat, baxt va hurlik ramzi bo‘lgan Humo qushi o‘rin olgan. 

Majmuada o‘lchamlari 60x30 metr bo‘lgan ikkita - asosiy va mashq muz arenalari rejalashtirilgan bo‘lib, bino umumiy maydoni 74 ming kvadrat metrni tashkil qiladi, bino 4 qavatdan iborat bo‘lib, balandligi 36 metrni tashkil etadi. Muz saroyi 12,5 ming o‘ringa ega bo‘lib, konsert zali sifatida 10 ming, sport musobaqalar o‘tkazish zali sifatida esa 14 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Asosiy binoda 300 o‘rinlik mashq arenasi ham loyihalashtirilgan. Majmua hududida shuningdek, sport muzeyi, bolalar uchun yopiq o‘yingoh, trenajyor zallari, fitnes markazi, zamonaviy tipdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, sport anjomlari do‘koni va boshqa xizmat ko‘rsatish obektlari joylashtiriladi. 

Inshoot atrofi zamonaviy landshaft arxitekturasi usullaridan foydalangan holda obodonlashtiriladi va aholiga qulay bo‘lgan madaniy hordiq chiqarish uchun maydonchalar va bog‘lar barpo etiladi. Velosipedlar va roliklarda uchish uchun alohida yo‘lakchalar qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, bino yonida 2000ta avtomobil uchun mo‘ljallangan 4 qavatdan iborat avtoturargoh quriladi. Arenada xokkey uchrashuvlari, short-trek, figurali uchish, kyorling bo‘yicha musobaqalar bilan bir qatorda basketbol, voleybol, handbol, futzal, boks, taekvondo va boshqa sport turlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazish imkoniyatlari bo‘ladi. 

Bundan tashqari, majmuada umumxalq bayramlari, konsertlar, ko‘rgazma va forumlar o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Inshootda dunyo formatidagi eng yangi multimedia tizimi, sport tadbirlari o‘tkazish maqsadida sharhlovchilar uchun zamonaviy maxsus xonalar, ommaviy axborot vositalari tezkor ishlashi uchun matbuot markazlari tashkil etish ham rejalashtirilgan. Loyiha ommaviy sport va madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan va doimiy ravishda ko‘p sonli muxlislar bo‘ladigan inshootlarga qo‘yiladigan barcha xavfsizlik talablariga to‘la javob beradi. 

Majmuaning sport maydonchalarida yirik tadbirlar o‘tkazilishidan tashqari, bolalar va yoshlar xokkey jamoalari va yosh figurachilar mashg‘ulot o‘tkazadi. Shuningdek, jahon va Yevropa darajasidagi turli chempionatlar sovrindorlari bo‘lgan professional murabbiylar jamoasi rahbarligidagi seksiyalar faoliyat olib boradi. Farzandlari bilan kelgan ota-onalarga salomatlik uchun foydali va mamnuniyat bilan vaqt o‘tkazishi mumkin bo‘lgan universal sport klublari tashkil etiladi. 

O‘zbekiston uchun eksklyuziv loyiha bo‘lgan yangi ko‘p funksional muz saroyi bugunning o‘zida nafaqat katta megapolisning, balki dunyo miqyosidagi eng yaxshi sport-madaniy markazlaridan biri bo‘lish uchun jiddiy talablar bilan chiqmoqda. Obekt 2018 yilning 31 dekabr kuniga qadar ishga tushirilishi mo‘ljallangan.

Mavzuga oid
Top